Senator Makkeyn qarta o‘ynab o‘tirganida "tutildi"

Image copyright Getty

"Janjal! 3+ soatli tinglovda Iphone imda o‘yin o‘ynab o‘tirganimda tutildim", deya o‘zining Twitter sahifasida e‘lon qildi AQSh prezidentligi saylovida Prezident Barak Obamaning raqibi, taniqli senator Jon Makkeyn (John McCain).

Jurnalistlar sababini so‘rashganida janob Makkeyn Senat majlisida ozroq zerikkanini, shuning uchun mobil telefonida "charchoq chiqarishga" qaror qilganini tan oldi.

3 sentyabr kuni AQSh Senati Suriya inqirozi bo‘yicha majlis o‘tkazdi.

Senat tinglovini kuzatayotgan Washington Post ro‘znomasi muxbiri senator Jon Makkeynning telefonida poker o‘ynayotganini ko‘rib qoldi.

Washington Post fotosurati bir zumda butun dunyoga tarqaldi.

Janob Makkeyndan CNN izoh so‘raganida, buning sababini u har doim juda berilib tinglashidan, deb tushuntirdi.

"Men har doim hamkasblarimning chiqishlarini juda qattiq e‘tibor bilan tinglayman va bu gal uch yarim soat tinimsiz eshitganimdan biroz zerikdim va poker bilan charchoq chiqardim", deb aytgan CNN telekanaliga senator Makkeyn.

"Hammasidan ham yomoni men minglab dollar yo‘qotdim", deya qo‘shimcha qilgan janob Makkeyn.

Keyin u bu dollarlar haqiqiy emasligini aniqlashtirib ham o‘tgan.