BBC maqolasiga munosabat: O‘zbekistonda ikki marta hosil olish mumkin

Image copyright none
Image caption Ahmad Xorazmiy dehqonchilikni o‘rganish bilan birga sohaga rahbarlik ham qilgan

BBC kuni-kecha O‘zbekistonning turli hududlarida yozda g‘alladan bo‘shagan maydonlarda g‘o‘za yetishtirilayotgani haqida xabar qilgan edi.

Ushbu maqolaga qishloq xo‘jalik fanlari doktori, professor Ahmad hoji Xorazmiy munosabat bildirgan.

Professor Xorazmiyning aytishicha, O‘zbekiston sharoitida ikki marta hosil olish mumkin va buni uning o‘zi Xorazm viloyati misolida tajribada sinab ko‘rgan.

Bu tajriba hukumat ko‘rsatmasi bilan boshlangan, deydi Ahmad hoji Xorazmiy.

Assalomu aleykum muhtaram BBC.

"O‘zbekistonda ikkinchisiga paxta yetishtirish sinovdan o‘tkazilmoqda" nomli maqola va bular haqida vazirlik xodimi, ayniqsa xorazmlik jurnalistning fikrlari bu borada qo‘limga qalam olishga sabab bo‘ldi.

Bug‘doydan keyin paxta ekish masalasi O‘zbekiston hukumati tomonidan 1990 yilning boshlarida ko‘tarilgan.

Bu boradagi tadqiqotlar menga topshirilgandi.

Men bu boradagi tadqiqotlarni aynan Xorazmda olib borganman.

Iyun oyida bug‘doydan keyin ekilgan paxtaning eng erta pishar va chillaki navlari bo‘lmish Xorazm-126 va Nukus-40 navlari xam samarasiz ekanligini ko‘rsatish barobarida iyun oyida paxtani faqat ko‘chatdan ekish mumkinligi va uni ekish uslubini birinchi marta biz ko‘rsatganmiz.

Bizning bu tadqiqotlarimiz ixtiro sifatida tan olingandi.

O‘sha paytlardayoq bu tadqiqotlarga turlicha fikr bildirilgandi.

"Oila va jamiyat" gazetasida taniqli yozuvchi Nabijon Boqiyning "G‘o‘zani ko‘chatdan ekib bo‘ladimi?" nomli katta maqolasi ham bosilgandi.

G‘o‘zani ko‘chat qilib ekish borasidagi tadqiqot natijalari va bu boradagi amaliy tavsiyalar "Vatan" gazetasining 1995 yil 15-22 sonida, "O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi" jurnalining 1996 yil 1-sonida hamda 1998 yil 2-sonida bosib chiqarilgan.

Bular asosida mamlakatimizning ko‘pgina joylarida g‘o‘zani ko‘chatlab ekish amalga oshirila boshlandi.

Xususan, O‘zbekiston Axborot Agentligining "Pravda Vostoka" gazetasi orqali bergan xabariga ko‘ra Andijon viloyatining Xo‘jaobod tumanida ham bug‘doydan bo‘shagan yerlarga g‘o‘za ko‘chatlarini ekishga kirishilgan.

Shuningdek, Xorazm viloyati hokimining 22.09.1997 yil, 128-f farmoyishida ham "bu ixtiro natijalari viloyatimiz qishloq va suv xo‘jaligi tizimida keng joriy etilsin, viloyat ommaviy axborot vositalari buni targ‘ib qilib, bu to‘g‘rida axborot berib borsinlar, bu farmoyishning bajarilishini nazorat qilish hokimning birinchi muovini J.O‘tamovga yuklatilsin", deb ta‘kidlangan.

Ehtirom bilan,qishloq xo‘jalik fanlari doktori,professor Axmad hoji Xorazmiy.Buyuk Britaniya, Stokport shahri.