Ruslan Chagayev: "Men faqat g‘alaba uchun ringga tushaman"

Image copyright AFP

O‘zbekistonlik dongdor bokschi bu haqda ikki kamar sohibligi tikilgan bo‘lajak janggi oldidan BBC O‘zbek Xizmatiga bergan suhbatida bildirdi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Ruslan Chagayev 5 oktyabr kuni WBA Intercontinental va PABA kamari uchun serbiyalik bokschi Yovo Pudarga qarshi ringga tushadi.

"O‘zim ham hozir shunga harakat qilaman. Judayam qattiq tayyorgarlik ko‘rayapman. Jangda faqat yutishga harakat qilamiz", deydi o‘zbekistonlik nomdor bokschi.

Ruslan Chagayev o‘z oldiga qo‘ygan yakuniy maqsadi hali-hanuz professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi kamarini qaytarib olish ekanini aytadi.

"Buni oldin ham aytganman, hozir ham aytaman: Hozir faqat jahon chempionligi kamarini olishga harakat qilayapmiz, Xudo xohlasa", - deydi u.

Ruslan Chagayev, "hozir bo‘lajak jangiga tayyorgarliklar yaxshi ketayotgani, joriy paytda Artur Grigoryan o‘ziga murabbiylik qilayotgani, tez orada amerikalik murabbiyi ham o‘zlariga qo‘shilishi"ni aytadi.

34 yoshli Ruslan Chagayev professional ringda 34 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning 31 tasida g‘olib chiqqan, ikkitasida mag‘lub bo‘lgan va yana bir jangida durang natija qayd etgan.

Uning 42 yoshli bo‘lajak raqibi Yovo Pudar professional ringda 30 ta jang o‘tkazgan bo‘lsa, shuning uchtasida mag‘lubiyatga uchragan.

Bo‘lajak rejalar

O‘zbekistonlik nomdor bokschiga ko‘ra, 5 oktyabr kuni serbiyalik raqibini yengsa, WBA reytingida 1-o‘ringa ko‘tarilish uchun kubalik bokschi Luiz Ortiz bilan ringga tushish niyatida.

Bu mavqe‘ga ko‘tarilish esa, bokschiga birinchi da‘vogar maqomini beradi va amaldagi jahon chempioni u bilan jang o‘tkazishi shart bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi kamari hozir rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinda.

Ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko esa, xuddi shu tasnifda jahonning superchempioni sanaladi.

Bu ikkovlon esa, 5 oktyabr kuni Ruslan Chagayev - Yovo Pudar jangidan keyin ringga chiqishadi.

Vladimir Klichko - Aleksandr Povetkin o‘rtasidagi jangga IBF, WBO, IBO, WBA tasniflarida eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi kamari tikiladi.

Har ikki jang ham 5 oktyabr kuni Rossiya poytaxti Moskva shahridagi 14.000 kishilik "Olimpiyskiy" sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.

Ruslan 2007 yilning 14 aprel kuni rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, ilk bor professional boksning WBA yo‘nalishi bo‘yicha eng og‘ir vazn toifasida Jahon chempioni bo‘lgan.

Ruslan Chagayev o‘tgan va shu yil hisobidan o‘tkazgan har to‘rt reyting janggidan barchasida g‘alaba qozongan.

Ruslan o‘tgan yil avgust oyida Olmoniyaning o‘zi qariyb 10 yildan buyon shug‘ullanib kelgan Universum Box-Promotion klubi bilan shartnomasini buzgan va so‘nggi janglarini erkin agent maqomida o‘tkazgan.

Ruslan Chagayev bir necha oydan buyon yangi murabbiysi Shugar Hill qo‘l ostida Amerikaning Detroyt shahrida shug‘ullanib kelgan va yaqinda Olmoniyaga qaytgandi.