Ispaniyadagi poyezd halokati: haydovchining yangi so‘zlashuvi topildi

Image copyright Reuters
Image caption Garson telefon so‘zlashuvida "bechora yo‘lovchilar, umid qilaman, hech kim o‘lmagan", deb aytadi va o‘zining juda tez yurganini tan oladi

Ispaniya Ommaviy axborot vositalarida shu yilning iyul oyida mamlakat shimolida halokatga uchragan poyezd haydovchisi telefon so‘zlashuvi e‘lon qilingan.

Mamlakat tarixidagi dahshatli poyezd halokatida 79 kishi halok bo‘lgan, 170 nafari jarohat olgan edi.

Telefon yozuviga ko‘ra, haydovchi Fransisko Xose Garson Amo halokatdan biroz o‘tib Madriddagi markaziy vokzal kuzatuvchisiga qo‘ng‘iroq qilib, hodisadan xabardor etadi.

So‘zlashuvda u qaltiragan tovushda hamkasbiga poyezd belgilangan tezlikdan ancha yuqori - soatiga 190 km tezlikda harakat qilganini gapirib beradi.

Garson "shafqatsiz" halokat yuz bergan qayrilish haqida ilgari ham shikoyat qilganini aytadi.

El Pais gazeti qo‘lga kiritgan yozuvga binoan, Garson hamkasbiga "Poyezd ag‘darilgan payt jabrlanganlar ko‘p bo‘lsa kerak, men esa kabinada qamalib qoldim", - deydi.

Shuningdek haydovchi , "bechora yo‘lovchilar, umid qilaman, hech kim o‘lmagan", deb aytadi va o‘zining juda tez yurganini tan oladi.

"Men chalg‘ib qoldim, 80 bilan yurishim shart bo‘lgan joyda 190 bilan yurdim", - deb aytadi Garson.

"Men ilgari ham bu qayrilish juda xavfli, shunga o‘xshash hodisa bir kuni ro‘y beradi, deb aytganman".

Tekshiruvchilar halokat sabablarini aniqlash uchun "qora quti"ni topib ochishgan.

Image copyright BBC World Service
Image caption "Men chalg‘ib qoldim, 80 bilan yurishim shart bo‘lgan joyda 190 bilan yurdim", - deb aytgan Garson

Shuningdek mashinistning mahkamadan oldingi tergov yozuvlari ham eshitilgan, deb aytgan BBCning Madriddagi muxbiri.

Yozuvga ko‘ra, Garson halokatdan oldin poyezd nazoratchisi bilan qaysi bekatga yaqinlashayotganini gaplashgan.

Ayni paytda mashinist va Renfe temir yo‘l shirkatiga bog‘liq tergov ishlari davom etmoqda.

Hakam Luis Alaez poyezd haydovchisi Garsonga "kasbiy mas‘uliyatsizligi tufayli 79 kishining o‘limi va ko‘plab kishilarning jarohatlanishiga sabab bo‘lish" ayblovini qo‘ygan.

Biroq politsiya nazoratida ostida bo‘lgan Fransisko Garson hibsga olinmagan.

Poyezd halokati 24 iyulda Santyago-de-Kompostela shahri yaqinida sodir bo‘lib, sakkiz vagon relsdan chiqib ketib devorga urilgan va yonib ketgan edi.

Garson elektron tormozlarni ishlatishga uringan, lekin u paytda juda kech bo‘lgan. Tekshiruvchilar avtomat to‘xtash tizimi nega ishlamaganiga ham aniqlik kiritishlari kerak.

Halokat yuz bergan joyda hozir xavfsizlik vositalari o‘rnatilgani xabar qilinadi.