Toshkent metrosidan foydalanuvchi yo‘lovchilar kamaydi

Image caption Militsiya xodimlarining tekshiruvlari yo‘lovchilarni qulay transport vositasidan kam foydalanishlariga sabab bo‘lgani aytilmoqda

Militsiya xodimlarining Toshkent metro bekatlaridagi "haddan tashqari tekshiruvlari" natijasida yo‘lovchilar kamaygani kuzatilgan, deb xabar beradi Darakchi.uz web-sayti.

Darakchiga ko‘ra, 2013 yilning olti oyi mobaynida metro yo‘lovchilari o‘tgan yilga nisbatan qariyb 9 foizga qisqargan.

2013 yil yanvar-iyun oylarida mamlakatdagi barcha transport vositalari tomonidan 3,3 milliondan ortiq kishi tashilgan bo‘lib, bu 2012 yil olti oyiga nisbatan 4 foizga ko‘pdir, deb yozadi web sahifa.

Respublika davlat statistika qo‘mitasi xabariga qaraganda, yo‘lovchi tashishda eng katta ulush avtomobil transportiga to‘g‘ri kelib, 98 foizdan ortiqni tashkil qilar ekan.

Shuningdek, temir yo‘l transportidan foydalanuvchi yo‘lovchilar 8 foizga oshgani, havo yo‘llarida aksincha 1,4 foizga kamaygani aytiladi.

Bu xabarga ba‘zi internet o‘quvchilar izoh qoldirishgan.

"Chunki kirishda xam chiqishda xam tekshirishuviradi, unnan ko‘ra taksida yoki tramvayda borgan maqul", deb yozadi Baty.

"Jumavoy"ga ko‘ra, "buning asosiy sababi metroning kelish vaqtini o‘zaytirilishidir. Poyezdlar orasi 15-20 daqiqani tashkil qiladi. Keyingi sababi viloyatdan mehmonga kelgan kishilarni vaqtinchalik propiskasi borligi haqidagi so‘rovlar. Toshkentga uch kunga kelgan mexmonlar propiskadan o‘tishi qiyin. Ushbu muammolar bartaraf etilsa metroga ko‘pchilik tushadi".