Xitoy rahbarini Markaziy Osiyoga qanday manfaatlar boshlab keldi?

Image copyright BBC World Service

Xitoy Prezidenti Shi Jinpingning O‘zbekistonga davlat tashrifi boshlangan.

Bugun ikki davlat rahbarlari uchrashgan. Sinxua axborot agentligining xabar berishicha prezidentlar ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish va bir qator xalqaro hamda mintaqaviy masalalarni muhokama qilgan.

O‘zbekiston Shi Jinpingning Markaziy Osiyo bo‘ylab safar qilayotgan uchinchi davlatidir.

Xitoy rahbari bundan oldin Turkmaniston va Qozog‘istonda bo‘ldi. U Toshkentdan Bishkekka yo‘l oladi.

Toshkentdan olinayotgan xabarlarga ko‘ra Xitoy rahbarining tashrifi munosabati bilan poytaxtda xavfsizlik choralari yanada kuchaytirilgan. O‘zaro uchrashuvlar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kuchaytirish haqida suhbat bo‘lgani aytilmoqda.

Xitoy O‘zbekiston orqali turkman gazini import qilish sohasiga sarmoya kiritgan. Ushbu quvurlar orqali O‘zbekiston ham Xitoyga gaz eksport qilishni yo‘lga qo‘ygan.

Shuningdek, Xitoyning O‘zbekistonda temir yo‘l qurilishi loyihalariga ham qiziqish bildirgani aytiladi.

O‘zbekistonlik siyosatshunos Farhod Tolipov Xitoy rahbarining Markaziy Osiyo davlatlariga davlat tashrifi ramziy ma‘noga ega ekanligini aytadi.

- Hozirgi tashrif, menimcha, ko‘proq ramziy ma‘noga ega. Chunki Xitoyning yangi rahbari Markaziy Osiyoga kelgan vaqti faqatgina Shanxay Hamkorlik Tashkilotining yig‘ilishi bilan cheklanmasdan, yo‘l yo‘lakay rasmiy tashriflar bilan poytaxtlarga borib diplomatik messaj berib aylanib chiqadi. Bundan ortiq yirik loyihalar to‘g‘risida gap ham bo‘lishi mumkin emas, - deydi Farhod Tolipov.

Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchi Aleksandr Knyazev Xitoyning Markaziy Osiyoga siyosati shu vaqtgacha ma‘lum yo‘nalishlar bo‘yicha aniq xarakterga ega bo‘lgan bo‘lsa, endi u mintaqani iqtisodiy jihatdan keng miqyosda qamrab olishga kirishmoqda.

"Ashxobod va Ostonaga qilingan tashriflarning natijasidan ko‘rinib turibdiki, katta miqyosda sarmoya kiritish borasida takliflar bo‘ladi. Bu energiya zahiralariga bog‘liq sarmoyalardir. Qozog‘istonning Qashag‘an neft koniga va turkman gazini yetkazib berishni yanada ko‘paytirishga kiritiladigan mablag‘dir. Bishkekda ham eletroenergetika masalasi bo‘yicha muhokamalar bo‘lishi mumkin", - deydi Aleksandr Knyazev.

Knyazev janoblariga ko‘ra Xitoy Markaziy Osiyoni bundan buyon ham iqtisodiy jihatdan egallashda kerak bo‘ladigan infrastruktura uchun pulni ayamaydi va transport sohasiga ham yirik sarmoya yotqiziladi.

Siyosatshunos Xitoy rahbarining Tojikistonga safar qilmaganiga e‘tibor qaratadi va buni Tojikistonning qo‘shnilariga qaraganda Xitoy ta‘siriga ko‘proq tushib qolgani bilan izohlaydi.

Tahlilchilar Xitoy bilan hamkorlikda ushbu boy va qudratli qo‘shnining ta‘sir doirasiga tushib qolmaslik va maksimal foyda ko‘rish muhim yutuq ekanligini urg‘ulashadi.

Qozog‘istonlik faollar hukumatni Xitoy ta‘siriga tushib qolishda ayblashadi. Bundan sal oldinroq Xitoy bilan viza aloqalarini bekor qilish haqidagi tashabbus keskin tanqidlarga sabab bo‘ldi. Ayni kunlarda esa Qozog‘istonning bo‘sh yotgan yerlarini Xitoyga ijaraga berish taklifi keskin munosabatlarga sabab bo‘lmoqda.

Tahlilchi Aleksandr Knyazev Ostonada Qashag‘an neft konining bir qism ulushlari Xitoyga sotilganini muvafaqqiyat deya baholamoqda.

"Ostonada Qashag‘an bo‘yicha imzolangan hujjatlar Qozog‘iston manfaatlariga zid kelmaydi. Aksincha Qashag‘an koni bo‘yicha tashqi ta‘sirni muvofiqlashtirishga erishdi. Oldin ushbu loyihada g‘arb shirkatlari o‘z so‘zini aytgan bo‘lsa, endi Xitoy shirkati ham qo‘shildi. Bu ko‘pvektorli siyosatning mohirona olib borilishi natijasidir", - deydi Aleksandr Knyazev.

Siyosatshunosga ko‘ra Xitoy bilan munosabatlarda gap ko‘proq Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining o‘z manfaatlarini himoya qila olishiga bog‘liq.

Aleksandr Knyazev Xitoy bilan aloqalarda davlat manfaatlarini himoya qilish borasida mintaqada hozircha O‘zbekistonga teng keladigani yo‘qligi ta‘kidladi.