Petronas ortidan KNOC: O‘zbekistonni yana bir sarmoyador tark etmoqdami?

Image caption Sarmoyador loyihalarni tark etayotgani sababini oshkor etmaslikni ma‘qul ko‘rmoqda

Janubiy Koreya hukumatining to‘la nazorati ostida bo‘lgan Koreya Milliy Neft shirkati(KNOC - Korea National Oil Corporation o‘zining Farg‘ona vodiysidagi geologorazvedka ishlarini yakunlagani va bundan keyin kelishuvini bekor qilishi haqida e‘lon qilgan.

Bu haqda turli nashrlar KNOC shirkati va O‘zbekistondagi hukumat doiralaridagi o‘z manbalariga tayanib xabar tarqatmoqdalar.

O‘zbekiston zaminidagi neft va gaz konlarini topish maqsadida O‘zbekistonning "O‘zbekneftegaz", Rossiyaning "Lukoyl", Malayziyaning Petronas, Janubiy Koreyaning KNOC va Xitoyning CNPC shirkatlari ishtirokida "Orol" deb nom berilgan loyiha bo‘yicha konsortsium tashkil etilgani va har bir taraf 20 foizlik aktsiyalarga egalik qilishlari xabar qilingan.

2011 yilda Malayziya shirkati bu loyihadan chiqishi haqida e‘lon qilgan va Petronasga tegishli ulush qolganlar o‘rtasida bo‘lib olingan.

Endi esa Janubiy Koreya shirkati O‘zbek tomonini konsortsium tarkibidan chiqishga qaror qilgani haqida boxabar etgan.

Sarmoyador nega loyihani tark etayotgani sababini oshkor etmaslikni ma‘qul ko‘rmoqda.

Bir necha kun oldin KNOC Kanadadagi Harvest Operations Corpdeb nom berilgan va to‘la o‘z nazoratida bo‘lgan neft konini sotishga qaror qilgani haqida xabar tarqatgan.

KNOC ijrochi direktori Sux Mun Kyuning jurnalistlarga aytishicha, bu konga uch yoki to‘rt xaridor chiqqan.

Janubiy Koreya shirkati 2009 yilda Harvestni 1,7 milliard AQSh dollariga sotib olgan.

O‘tgan yili shirkat ko‘rgan zarar 720 million dollarni tashkil etgani xabar qilingan.

KNOC shirkati 2009 yilda "O‘zbekneftegaz" bilan 5 yilga mo‘ljallangan va 61 million dollarga baholangan shartnoma imzolagan.

Shu maqsadda KNOC Fergana Operating Company shirkati tashkil qilingan.

Bu shartnomaga ko‘ra, Koreya shirkati Farg‘ona vodiysida ikki neft va gaz konlarini qidirib topish bo‘yicha geologorazvedka ishlarini olib borishi ko‘zda tutilgan.

Loyiha 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lsa-da, KNOC Chust-Pop va Namangan-Tergachi bloklarida minimal 3 yillik qidiruv ishlarini shu yil avgustida yakunlaganini va bundan keyin ishni davom ettirmoqchi emasligini ma‘lum qilgan.

KNOC 2010 yilda Farg‘ona vodiysida qiymati qariyb 90 million dollarlik yana ikkita loyihani ham boshlagan va ularning ham muddati 5 yil etib belgilangan.