Dennis Rodman: "Kim Chen In ajoyib ota"

Image copyright Reuters

Amerikalik basketbol yulduzi Dennis Rodman Shimoliy Koreya rahbarining Chju E ismli qizalog‘i borligi haqida gapirgan.

Iste‘fodagi basketbolchi Rodman o‘tgan hafta "sport diplomatiyasi safari" doirasida Shimoliy Koreyaga borgan.

U dengiz bo‘yida Kim Chen Inning oilasi bilan dam olganini aytgan.

Sportchi Shimoliy Koreya Prezidentini "yaxshi ota" deya ta‘riflagan.

Dunyodagi eng yopiq tuzumlaridan biriga rahbarlik qiladigan Kim Chen Inning shaxsiy hayoti haqida juda oz ma‘lumotlar bor.

"Men uning chaqalog‘i Chju Eni qo‘limga oldim va rafiqasi bilan ham suhbatlashdim. U ajoyib ota va uning chiroyli oilasi bor", deydi Dennis Rodman.

Image copyright Reuters
Image caption Li xonim haqida ko‘p narsa ma‘lum emas

O‘tgan yil Kim janoblari umr yo‘ldoshi Li Sol Chju bilan tushgan suratlari matbuotga chiqarkan, Li xonimning homiladorligi borasida mish-mishlar tarqalgandi.

Ammo, bu xabarlar rasman tasdiqlanmagan.

Shimoliy Koreya Li xonim Kim Chen Inning rafiqasi ekanini 2012 iyulida, Prezident bilan birinchi marta omma ko‘z o‘ngida paydo bo‘lishidan bir oy o‘tibgina tan oldi.

Joriy yilning o‘zida ikki marta Shimoliy Koreyaga safar qilgan Rodman janoblari 2011 yil otasi hayotdan ko‘z yumishi ortidan qudratga kelgan Kim Chen In bilan uchrashgan eng nufuzli amerikalik bo‘lib qolmoqda.

Dennis Rodman Pekindagi muxbirlar savollariga: "U mening bir umrlik do‘stim. Sizlar u haqda nima deb o‘ylashlaringiz meni qiziqtirmaydi", deya jahl bilan javob qaytargan.