Bashar al-Assad: kimyoviy hujumni biz uyushtirganimizga oid "dalil yo‘q"

Image copyright AP

Suriya Prezidenti Bashar al-Assad Qo‘shma Shtatlar axborot vositalaridan biriga gapirarkan, o‘z hukumati kimyoviy qurol qo‘llaganiga oid "dalil yo‘q"ligini aytgan.

Assad janoblari PBS jamoatchilik televideniyesiga bergan intervyusida G‘arb hujum qiladigan bo‘lsa, uning ittifoqchilari bunga javob qaytarishlari mumkinligiga ham ishora qilgan.

Amerika Davlat kotibi Jon Kerri Ovro‘po Ittifoqi va Arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari bilan muzokaralar chog‘i zo‘r berib Bashar al-Assad tuzumiga qarshi harbiy amaliyotlar g‘oyasini ilgari surgan.

AQSh Kongressi Suriya mojarosiga harbiy yo‘sinda aralashish kerakmi yoki yo‘qligi masalasini mubohasa etishi kutilmoqda.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Yozgi ta‘tildan qaytgan Kongress a‘zolari dushanba kuni Prezident Barak Obamaning Suriyaga qarshi "cheklangan, tor ko‘lamli" hujumlar borasidagi rezolyutsiyasini ko‘rib chiqishadi.

Senat ayni masala yuzasidan chorshanba kuni ovoz berishi kutilmoqda.

Amerika Qo‘shma Shtatlari janob Assad kuchlarini tinch aholiga qarshi zarin gazi vositasida hujum uyushtirganlikda ayblaydi.

Poytaxt Damashq chetidagi mavzelardan birida amalga oshirilgan hujum 1429 insonning umriga zomin bo‘lgan.

Prezident Putin kimyoviy hujum isyonkorlarning ishi ekanini aytgan.

Birlashgan Millatlarning Suriya bo‘yicha rezolyutsiyasiga to‘sqinlik qilgan Rossiya va Xitoy Xavfsizlik Kengashidan tashqarida qabul qilingan har qanday qaror noqonuniy bo‘lishini aytgan.

Suriya ikki yarim yildirki, ichki urushlar girdobida qolarkan, BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, 100,000 atrofida inson hayotdan ko‘z yumgan, millionlab odamlar boshpanasiz qolgan.

"Harbiy amaliyotlarning oldi olinishi mumkin"

Qo‘shma Shtatlar Bosh kotibi Jon Kerrining aytishicha, Prezident Assad bir hafta ichida kimyoviy qurollarini topshirsa, Suriyaga qarshi harbiy amaliyotlar oldi olinishi mumkin.

Ammo, unga ko‘ra, janob Assad bunday niyatda emas.

Kerri janoblari bu haqda Suriyaga qarshi harbiy amaliyotlar uchun dastak yig‘ishga qaratilgan safarining so‘nggi manzili - Londonda gapirgan.

"Suriya tinchlik muzokaralariga tayyor"

Moskvada esa, Rossiya va Suriya Tashqi ishlar vazirlari ham uchrashishgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qo‘shma Shtatlarni Suriyaga qarshi harbiy amaliyotlarga emas, tinchlik jarayoniga diqqat qilishga undagan.

Shuningdek, u BMT kimyoviy qurollar bo‘yicha ekspertlarini Suriyaga qaytib borishga va kimyoviy deb gumon qilinayotgan boshqa hujumlar yuzasidan ham tekshiruv olib borishga chaqirgan.

Suriya hukumati bu amallarda isyonkorlarni ayblaydi.

Uning bu boradagi izohlari Suriya Tashqi ishlar vaziri Valid Muallim bilan uchrashuvi ortidan yangragan.

"Moskvadagi dang‘illama hovlida o‘tgan uchrashuv muhim bir o‘zgarish yasamagan ko‘rinadi. Ikkovlon ham Suriya hukumati tinchlik muzokaralariga tayyor degan fikrlarini takrorlashdi", deydi BBCning Moskvadagi muxbiri.

Suriya Tashqi ishlar vaziri: "Nima uchun Prezident Obama Nyu Yorkdagi 2001 yil sentyabr hodisalaridan keyin ham "Al-Qoidani dastaklamoqda", degan savolni qo‘ygan.