Tojikiston prezidentligi uchun ayol nomzod bellashadi

Image caption Oynixol Bobonazarovning nomzodi muxolifatdagi Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasining 17 sentyabrga rejalangan s‘ezdida rasman taqdim etilishi kutilmoqda

Taniqli inson huquqlari faoli va jamoat arbobi Oynixol Bobonazarova Tojikiston muxolifati tomonidan bo‘lajak prezidentlik saylovlariga yagona nomzod o‘laroq ilgari surilgan.

Tojikistonda prezidentlik saylovlari shu yilning 6 noyabr kuniga belgilangan.

Tojikistondagi muxbirimiz Mardon Muhammadning aytishicha, ushbu qaror muxolifatdagi Islomiy Uyg‘onish partiyasi, Tojikiston Sotsial-demokratlar firqasi va mamlakat siyosiy faollaridan iborat Tojikiston Islohottalab kuchlari tashkilotining bugungi yig‘ini chog‘ida berilgan:

Xabarlarga ko‘ra, Oynixol Bobonazarovaning nomzodi bir ovozdan ma‘qullangan.

Bundan avval Tojikiston muxolifati nomidan tashkilotning boshqa faollari, jumladan, Muhiddin Kabiriy, Muhammadjon Qosimov, Xo‘jamuhammad Umarov va Rahmatillo Zoyirovlarning nomzodlari ilgari surilishi mumkinligiga oid xabarlar ham paydo bo‘lgandi.

Ammo, muxbirimiz nega aynan Oynixol Bobonazarov nomzodi tanlangani masalasiga oydinlik kiritarkan, "Rahmatillo Zoyirov va ehtimolki, Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasining rahbari Muhiddin Kabiriy prezidentlik saylovlarida ikkita asosiy nomzod bo‘lishi mumkinligiga oid xabarlar bor edi. Biroq oxirgi bir-ikki oy ichida hukumat tashkilotlari, davlat radio va televideniyesi ularga nisbatan lafziy hujumlarini boshlagan. O‘zingiz bilasiz, Tojikiston davlat ommaviy-axborot vositalariga odamlar juda ishonishadi. Shuning uchun ham, bu nomzodlar Tojikistonda ko‘p ovoz olishiga shak-shubhalar tug‘dirdi. Shu sabab ham muxolifatda bitta yo‘l bor edi, u ham bo‘lsa, mustaqil, hech bir partiyaga bog‘liq bo‘lmagan, keyin Tojikistonda taniqli bo‘lgan bir shaxsning nomzodini ko‘rsatish edi", deydi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Oynixol Bobonazarovning nomzodi muxolifatdagi Tojikiston Islomiy Uyg‘onish partiyasining 17 sentyabrga rejalangan s‘ezdida rasman taqdim etilishi kutilmoqda.

Tojikistonda boshqaruvda bo‘lgan Xalq-demokratik partiyasi esa, hozircha o‘z nomzodini ilgari surmagan. Partiyaning navbatdagi s‘ezdi shu yilning 4 va 5 oktyabr kunlariga belgilangan.

"Tojikistonda bugun va erta Mustaqillik bayrami tantanalari bo‘lgani uchun, hozircha davlat ommaviy-axborot vositalarida Tojikiston muxolifatining so‘nggi qaroriga hukumatning biror bir rasmiy munosabati ko‘zga tashlanmaydi", - deydi muxbirimiz.

Oynixol Bobonazarova

Oynixol Bobonazarova 80-yillar oxirlarida Tojikistonda tashkil topgan Demokratik partiyaning asoschilaridan biri bo‘lgan.

Agar, "Aziya-Plyus" internet nashri ma‘lumotlariga tayanilsa, u 1993 yilda "davlat to‘ntarishi qilishga hozirlik ko‘rish" va Vatanga xiyonatda ayblanib, hibsga olingan.

Ozod etilishi ortidan, o‘zining inson huquqlarini himoya etish sohasidagi faoliyatini davom ettirib, Ovro‘poda Xavfsizlik va Hamkorlik va boshqa xalqaro tashkilotlarning Dushanbedagi vakolatxonalarida ishlagan.

So‘nggi yillarda esa, Oynixol Bobonazarovaning "Perspektiva+" ijtimoiy birlashmasiga boshchilik qilishi aytiladi.

Bu tashkilot esa, Tojikiston qamoqxonalaridagi ahvol, qiynoqlarga qarshi kurash bilan shug‘ullanadi. Xotin-qizlar va mehnat muhojirlarining huquqlarini himoya qiladi.

Muxbirimiz mahalliy kuzatuvchilarning fikrlariga tayanib, "Tojikistonda haqiqatan ham ozod, shaffof, demokratik saylovlar bo‘lib o‘tsa, muxolifat nomzodi g‘alaba qozonishi mumkin", deydi.