Braziliya 2014: "Keyingi bosqichga chiqish uchun hamma imkoniyat bor"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Iordaniyaga qarshi dastlabki pley-off bosqichi javob uchrashuvi arafasida O‘zbekiston Futbol Uyushmasi vakili BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida O‘zbekiston milliy terma jamoasining g‘alaba qozonish imkoniyatlarini ana shunday baholadi.

Javob uchrashuvi ertaga 10 sentyabr kuni Toshkentning "Paxtakor" stadionida bo‘lib o‘tadi va o‘yin Toshkent vaqti bilan kech soat 19:00 da boshlanadi.

"Sababi, O‘zbekiston har qanday holatda ham bugungi zamonaviy futbolda, mening fikrimcha, Iordaniyaga hurmatni saqlagan holda aytishim kerakki, raqibidan bir bosh baland va kuchli. Va g‘alaba qozonish va keyingi bosqichga chiqish uchun har tomonlama imkoniyatlar yetarli: ham o‘yin jihatdan, ham hisob jihatidan, ham ikkinchi o‘yinning Toshkentda o‘tishi, hammasi o‘z qo‘limizda ekanini inobatga oladigan bo‘lsak", deydi O‘zbekiston Futbol Uyushmasi matbuot voizi Sanjar Rizayev:

Osiyo qit‘asidan 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqish uchun o‘z kurashini davom ettiruvchi yagona milliy terma jamoani aniqlab beruvchi dastlabki pley-off bosqichining ilk uchrashuvi o‘tgan hafta poytaxt Ammanda 1:1 durang hisobi bilan yakunlangandi.

Janubiy Amerika vakiliga qarshi so‘nggi pley-off bosqichiga chiquvchi g‘olib jamoa esa, har ikki o‘yin natijasiga ko‘ra aniqlanadi.

Braziliya 2014: Iordaniya 1-1 O‘zbekiston, ilk uchrashuv tafsilotlari

O‘zbekiston Futbol Uyushmasi vakili safarda o‘tkazilgan pley-off bosqichi ilk uchrashuvida g‘alaba qozonishga umid qilishgani, ammo erishilgan natija ham o‘zlarini qoniqtirishini ta‘kidlaydi.

"Dastavval bir narsani aytib o‘tish kerak: Iordaniya milliy terma jamoasi mana shu bosqichda o‘ziga xos, yaxshi taassurot qoldirgan. Irodasi kuchli jamoalardan biri. Albatta, biz ushbu uchrashuvda g‘alaba qozonishga umid qilib turgan edik. Lekin o‘yin raqib maydonida bo‘lib o‘tgani va biz safarda gol urganimizdan biroz ovunishimiz mumkin. Qolaversa, Toshkentdagi uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasini 0:0 hisobidagi durang ham qoniqtiradi. Lekin O‘zbekiston milliy terma jamoasi faqat g‘alaba uchun maydonga tushadi", - deydi Sanjar Rizayev.

"G‘alaba uchun maydonga tushamiz"

Bugun poytaxt Toshkentda bergan matbuot anjumanida ham har ikki raqib jamoa Bosh murabbiylari ham xuddi shunday da‘vo bilan chiqishgan.

O‘zbekiston va Iordaniya shu paytgacha turli xalqaro turnirlar doirasida bir-birlariga qarshi yetti bor maydonga tushishgan bo‘lsa, "Oq bo‘rilar" bu o‘yinlarda uchta g‘alaba, uchta durang va bitta mag‘lubiyat qayd etishgan.

O‘zbekiston so‘nggi bosqich saralash bellashuvlaridan 14 ochko jamg‘argan holda pley-off bosqichiga chiqqan bo‘lsa, Iordaniya 8 o‘yindan bor-yo‘g‘i 10 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘lgan.

Ammo Iordaniya "V" guruhida Osiyo qit‘asiga ajratilgan 4.5 ta yo‘llanmadan birini qo‘lga kiritish uchun kechgan kurashda Yaponiya va Avstraliyani yengishga muvaffaq bo‘lgan.

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, Iordaniya milliy terma jamoasi Ammandagidek o‘yin ko‘rsatsa, o‘zlariga biroz qiyin bo‘lishini ham rad etmaydi.

"Albatta, qiyin bo‘ladi. Sababi - bundan oldingi uchrashuvda jamoalar ixtiyorida 180 daqiqalik o‘yin bo‘lgan bo‘lsa, hozirga kelib bu teng yarmiga qisqardi. Ya‘ni, 90 daqiqa. Demak, Iordaniya ham boshqacha o‘ynaydi. Tabiiyki, O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham boshqacha o‘ynaydi", - deydi u.

Ammo, suhbatdoshimizning ta‘kidlashicha, "O‘zbekiston milliy terma jamoasi Ammandagi durang natija aslida tasodifiy bo‘lganligi va o‘zining g‘alabaga loyiq o‘yin namoyish etganini Toshkentdagi uchrashuvda namoyish etadi".

Ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish kerakki, har ikki milliy terma jamoaga ham hozircha o‘z tarixlarida jahon birinchiligining final bosqichida to‘p surish nasib etmagan.

Xuddi shu omil nazarda tutilsa, dastlabki pley-off bosqichi bellashuvlarida mag‘lub bo‘lgan jamoa bu yil o‘z tarixida bu kabi sharafga erishishning oxirgi imkoniyatini ham boy beradi.

Har ikki uchrashuv natijasiga muvofiq g‘olib chiqqan milliy terma jamoa esa, Osiyo qit‘asidan jahon chempionatiga so‘nggi yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun navbatdagi pley-off bosqich bellashuvlarida Janubiy Amerika saralash bahslarida 5-o‘rinni egallagan jamoani ham yengishi shart bo‘ladi.

Ushbu tur bellashuvlari shu yilning 15 va 19 noyabr kunlariga rejalangan va bu milliy terma jamoaning eng katta ehtimol bilan Urugvay bo‘lishi kutilmoqda.