"Kurashning Olimpiada dasturida qolganidan judayam xursand bo‘ldik"

Image caption Yozgi Olimpiada O‘yinlarida kurash - O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi uchun eng muvaffaqiyatli sport turlaridan biri sanalib kelinadi

O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirligining nufuzli mulozimi BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Buenos-Ayresda kurashni yoqlab berilgan ovoz berish natijasiga ana shunday munosabat bildirdi.

"Albatta, bu - sport kurashining Olimpiya O‘yinlari dasturida qolishi hammani bezovta qilayotgan narsa edi. Yarim yildan beri sport kurashining ishqibozlari, shu jumladan, biz ham kurashning dasturda qolishini istab, dunyo miqyosida turli aktsiyalar, musobaqalar o‘tkazdik. Va, Xudoga shukr, sport kurashining Olimpiada dasturida qolganini eshitib, judayam xursand bo‘ldik. Ayniqsa, kurashchilarimiz judayam xursand", - deydi O‘zbekiston Madaniyat va sport ishlari vazirining Sport masalalari bo‘yicha 1-muovini Jasur Akramov:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Argentinada o‘zining tarixiy 125-sessiyasini o‘tkazayotgan Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi a‘zolari kecha yakshanba kuni kurash, skvosh, beysbol/softboldan bittasini Olimpiada dasturida qoldirish masalasida ovoz bergandi.

So‘nggi xabarlardan ayon bo‘lishicha, xalqaro qo‘mita a‘zolarining aksariyati kurashni yoqlab ovoz berishgan.

Buenos-Ayresdagi yashirin ovoz berish ortidan, kurash - 2020 va 2024 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlari dasturiga qayta kiritilgan.

O‘zbekiston va kurash

Image caption O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi hisobidagi eng ko‘p oltin medallarni ham aynan kurash sport turida qo‘lga kiritgan

Yozgi Olimpiada O‘yinlarida kurash - O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi uchun eng muvaffaqiyatli sport turlaridan biri sanalib kelinadi.

O‘zbekiston Olimpiya milliy terma jamoasi hisobidagi eng ko‘p oltin medallarni ham aynan kurash sport turida qo‘lga kiritgan.

O‘zbekiston o‘zi ishtirok etishga muvaffaq bo‘lgan 5 ta Yozgi Olimpiada O‘yinlarida ja‘mi 20 ta medal olgan bo‘lsa, shundan 7 tasi (4 ta oltin va uchta kumush) kurashchilari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Jumladan, so‘nggi Yozgi Olimpiada O‘yinlari ortidan, o‘zbekistonlik dongdor kurashchi Artur Taymazov erkin kurash bo‘yicha 120 kg vazn toifasida Afina, Pekin va London Olimpiada O‘yinlarining oltin medal sohibiga aylanib, kurash afsonasi sifatida tarixga kirgandi.

Artur Taymazov o‘zining so‘nggi yutug‘i bilan 33 yoshida yunon-rum kurashi bo‘yicha sobiq Sho‘ro kurashchisi Aleksandr Karelin va erkin kurashchisi Aleksandr Medvedlar bilan tarixdagi uchta buyuk kurashchidan biriga aylangandi.

Suhbatdoshimizning aytishicha, Argentinadan olingan so‘nggi yangilik sport kurashlari bo‘yicha kelasi hafta start oluvchi jahon birinchiligi oldidan o‘zbekistonlik kurashchilarning kayfiyatlarini yanada ko‘tarib yuborgan.

"Kurashchilarimizning hammasi yaxshi kayfiyatda jahon chempionatiga borib, o‘zlarini ko‘rsatib, mashhur bo‘lishmoqchi. Nimaga desak, hozirgi tayyorlanayotgan bolalarimizning 2020 yilda ayni yetilgan payti bo‘ladi. Kurash - Olimpiya O‘yinlari dasturida qolsa, bu - ularga, albatta, yangi stimul bo‘ladi. Shuning uchun ham, so‘nggi yangilikdan kurash ahli judayam xursand bo‘lishdi", deydi o‘zbekistonlik nufuzli sport mulozimi.

Jasur Hasanovning o‘z o‘rnida ta‘kidlashicha, o‘tgan yarim yil ichida shu bahona sport kurashi ham juda katta o‘zgarishlarga yuz tutgan va bu kurash uchun befoyda kechmagan.

"Stress bo‘lmasa ham, shu stressni o‘zi o‘ylab topish kerak edi, lekin. Nimaga desa, bu stress orqali sport kurashi undan ham jozibali, undan ham chiroyli bo‘ldi. Kurash o‘zining eski, oldingi qoidalariga qaytib keldi. Nimaga desa, oxirgi yillari o‘zi haqiqatan Xalqaro Sport Kurashi Uyushmasining sobiq prezidenti sport kurashi musobaqa qoidalarini o‘zgartiraverib, o‘zgartiraverib, uni bir zerikarli kurash qilib qo‘ygandi-da. Shu qoida bo‘yicha bo‘ladigan bo‘lsa, keyingi Olimpiada O‘yinlarida ortiq, "kurash zerikarli, buni o‘zgartirish kerak, olib tashlash lozim", degan gaplar tug‘ilmaydi. Nimaga desa, bu hozirgi tarzda o‘tadigan bo‘lsa, kurash - juda chiroyli, judayam jozibali, judayam odamlarni o‘ziga jalb etadigan sport turiga aylanadi".

Tarixcha o‘rnida

Image copyright AP
Image caption Buenos-Ayresdagi yashirin ovoz berish ortidan, kurash - 2020 va 2024 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlari dasturiga qayta kiritilgan

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi shu yil fevral oyida Yozgi Olimpiada O‘yinlari dasturiga kiritilgan 26 ta sport turini qayta ko‘rib chiqib, qator sport turlari bilan birga kurashni ham 2020 yilgi dasturdan chiqarib tashlashni tavsiya qilgandi.

Tashabbuskorlar o‘z takliflari sababini Olimpiya dasturini zamonaviylashtirish, unga yangi sport turlarini kiritishga imkoniyat yaratish bilan izohlashgandi.

Buning ortidan, 1896 yildan buyon Olimpiada dasturida bo‘lib kelgan kurash dasturga qaytishi uchun yana yettita sport turi bilan birga ovoz berishdan o‘tishi kerak edi.

Xalqaro qo‘mita ijroiy kengashining qarori O‘zbekiston doxil kurash ommaviy sport turi bilan dunyoning ko‘plab davlatlarida norozilik bilan qarshi olingandi.

O‘zbekiston Kurash Federatsiyasi ham Milliy Olimpiya Qo‘mitasi bilan hamkorlikda bu xususda xalqaro qo‘mitaga maxsus maktub yo‘llab, kurash sport turini 2020 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlari dasturidan chiqarib tashlamaslikni so‘rashgandi.

Maktubda, "Kurashsiz O‘yinlar nafaqat jozibasini yo‘qotadi, balki Olimpiada O‘yinlari, deb atalishga ham haqli bo‘lmasligi" ta‘kidlangandi.

Bundan avval Rossiya Kurash Federatsiyasi bu xususda Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasiga ochiq murojaat bilan chiqqan, Tojikiston ham kengashga o‘z maktubini yo‘llagandi.

Dunyoning qator nomdor kurashchilari o‘z noroziliklari belgisi sifatida Yozgi Olimpiada O‘yinlarida qo‘lga kiritgan oltin medallarini Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi prezidentiga qaytarib berishgandi.

Yunon-rim kurashi bo‘yicha ikki karra Olimpiada chempioni armanistonlik dongdor kurashchi Armen Nazaryan esa, Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasining taklifiga qarshi ochlik amaliyoti bilan javob bergandi.

Eslatib o‘tamiz, Buenos-Ayresda o‘tgan shanba kuni bo‘lib o‘tgan ovoz berishlar ortidan Tokio Istanbul va Madridni ortda qoldirib, 2020 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlariga mezbonlik qilish huquqini qo‘lga kiritgandi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi endi shu seshanba kuni yangi prezident saylash uchun ovoz beradi. Jak Rogge esa, 12 yillik prezidentligi ortidan iste‘fo beradi.