Ko‘zlari o‘yib olingan bolakay jarrohlik amaliyotini boshidan kechirmoqda

Image copyright AFP

Ko‘zlari o‘yib olingan xitoylik bolakay jarrohlik stoliga yotqizilgan. Bu bolaga sun‘iy ko‘z o‘rnatish urinishlarining ilk bosqichidir.

Guo Binga Shenjendagi xususiy kasalxona shifokori ko‘ngilli xizmat ko‘rsatmoqda.

O‘rnatiladigan sun‘iy ko‘z haqiqiyga o‘xshasa-da, bolaning ko‘rish qobiliyatini tiklolmaydi.

Guo Bin 24 avgust kuni ko‘zlari o‘yilgan va qonga belangan holda Shanksi viloyatidan topilgandi. Politsiya bu ishga uning ammasi mas‘ul deya gumon qiladi.

Davlat matbuoti hujumdan nima maqsad ko‘zlangani qorong‘u ekani, ammo hodisadan 6 kun o‘tib, bolaning ammasi o‘zini quduqqa tashlab o‘ldirgani haqida xabar qilgan.

Politsiya uning kiyim-boshida Guo Binning qonini topgan.

Bolakayning ota-onasi o‘z o‘g‘illariga qarshi bu kabi dahshatli hujumga nima sabab bo‘lganini bilmasliklarini aytishadi.

Guo Bin va uning oilasi janubiy Shenjen shahriga yakshanba kuni borishgandi.

Image copyright epicture
Image caption Sun‘iy ko‘z...

Shifokor Dennis Lamning matbuot kotibasining matbuotga aytishicha, ilk bosqichda bolaning ko‘z kosasiga sun‘iy soqqalar joylashtiriladi.

Keyin sog‘ayishga biroz vaqt berilib, sun‘iy ko‘z qobiqlarini o‘rnatish mumkin bo‘ladi. Ular harakatlanishi uchun esa, to‘qimalar va muskullarga ulanadi.

Shundan so‘ng, elektron signallarni ishlab chiqaruvchi sensor qurilmalar joylashtirilishi rejalangan. Bu bilan bola shakllarni ilg‘ashga qodir bo‘lishi mumkin.

Hong Kongda faoliyat olib boruvchi Doktor Lam Guo Bin to‘g‘ri miyaga ulanadigan elektronik ko‘z texnologiyasining kelajakdagi taraqqiyotidan manfaat ko‘rishiga umid bildirgan.

Unga ko‘ra, bu texnologiyani amalga tadbiq qilish uchun yana kamida 5-10 yil kerak bo‘ladi.

"Ishlar oxiriga borib muvaffaqiyatli yakun topadimi, yo‘qmi bilmaymiz. Ammo, natija kutilganidek bo‘lsa, biz nima uchun buni jajji Bin-Binga qo‘llamasligimiz kerak?" deb aytgan shifokor matbuot anjumanida.