Gitlerning oxirgi tan qo‘riqchisi vafot etdi

Image copyright AP
Image caption Roxus Mishning 1944 yilda tushgan surati

Natsist diktator Adolf Gitler umrining oxirgi damlarida uning yonida bo‘lgan sobiq tan qo‘riqchisi 96 yoshida olamdan o‘tdi.

Roxus Mish Gitlerning Berlindagi bunkerida omon qolgan oxirgi odam edi.

SS qo‘shinlarining sobiq askari bunkerdagi telefonlarni nazorat qilgan va urush yillarida "boss" uchun ko‘rsatgan xizmatlarini faxr bilan xotirlagan.

U Gitlerni "juda normal" odam deb ta‘riflagan. "U qo‘pol, yo mahluq emasdi", - deb aytgan janob Mish Gitlerni yodga ola turib.

Mish besh yil davomida Fyurerning eng yaqin doirasi tarkibida bo‘lgan, va uning uchun tana qo‘riqchisi, chopar va telefon operatori sifatida xizmat qilgan.

Uni tirikligida intervyu qilgan Associated Press agentligi janob Mish suhbat chog‘ida ayb va mas‘uliyat borasidagi savollarga chap bergan, va olti million yahudiylar haqida hech nima bilmagani, hamda Gitler Yakuniy Yechim haqida uning yonida gapirmaganini aytgan.

"Men Daxau lageri va umuman kontsentratsion lagerlar haqida bilardim. Lekin ularning ko‘lami haqida tasavvurga ega emasdim. Lekin jinoyat sodir etilmaydigan urushlar tarixda bo‘lmagan, va bo‘lmaydi ham", - deb aytgandi u BBC bilan 2009 yil yozilgan suhbatida.

"Buni hech qachon unutmayman"

Roxus Mish bugunda Polshada joylashgan Alt Shalkovich qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolaligida yetim qolishi ortidan bobosi va buvisining qo‘lida katta bo‘lgan.

U 20 yoshida SS qo‘shinlari safiga qo‘shilgan. 1939 yilda Polshada xizmat o‘tashi ortidan Gitlerning shaxsiy guruhiga tanlab olingan.

Mishning ilk vazifasi Gitlerning Venadagi opasiga maktub yetkazib berish bo‘lgan.

"Fyurerning doirasida biz, oddiy qilib aytganda, tan qo‘riqchilari bo‘lganmiz", - deb aytgan u BBCga.

"Gitler safarga chiqqanida, biz to‘rt yo olti kishi bo‘lib ikkinchi mashinada unga hamrohlik qilar edik. Lekin Gitlerning xonadoniga borganimizda boshqa vazifalarni ham o‘z bo‘ynimizga olardik".

Image copyright AP
Image caption Mish umrining oxirigacha Gitlerga sodiq qoldi

"Ikkimiz har doim telefon operatori vazifasida bo‘lganmiz. Gitlerdek bossga har doim ko‘p qo‘ng‘iroqlar bo‘lardi".

Ittifoqchi kuchlar Berlinga yaqinlashib, natsistlar mag‘lubiyatga yuz tutganida, Gitler Berlindagi bunkeriga chekingan va Mish u yerda 1945 yilning 30 aprelida yuz bergan yakuniy dramaga guvoh bo‘lgan.

U Gitler o‘zini otganida telefonda bo‘lgani va o‘q ovozlarini eshitmaganini aytgan.

Lekin, bunkerdagi boshqalar o‘q ovozlarini eshitganlar. Gitlerning shaxsiy kotibi hammani jim bo‘lishga chaqirgan va Fyurerning xonasi eshiklari ochilishini buyurgan.

"Men Gitler boshini stol ustiga qo‘yib yotganini ko‘rdim. (Uning rafiqasi) Eva Braun divanda yotgandi, boshi Gitler tarafga qarab. Uning tizzalari ko‘kragiga tiralgan edi. U oq qiyiqli to‘q ko‘k ko‘ylakda edi. Buni hech qachon unutmayman", - deb aytgan Mish.

Ertasiga natsistlarning tashviqot vaziri Jozef Gebbelsning olti farzandi, o‘z onalari Magdaning rejasiga binoan, qonlariga morfin va tsianid yuborilishi yordamida o‘ldirilganlar.

Mishning aytishicha, Magdaning o‘zi bunkerga kelib buni amalga oshirgan. Gitlerning shifokori Lyudvig Shtumpfegger unga yordam bergan.

"Nimalar bo‘layotganini barchamiz bilgandik. Bir-ikki soatdan so‘ng Gebbels xonim yig‘lab chiqdi", - deb aytgan Mish. Shu kuni kechqurun Gebbels rafiqasi bilan birga jon bergan.

1945 yilning 2 mayida Mish bunkerdan qochgan, lekin ko‘p o‘tmay Sovet qo‘shinlari qo‘liga tushgan.

U Sovetlarning urush tutqunlari lagerida to‘qqiz yilni o‘tagan va 1953 yilda yangi yil kechasi Berlindagi oilasiga qaytgan.

U so‘ngra ustachilik firmasini ochgan va 1980-yillar o‘rtalarigacha uni yuritgan. Mishga 1942 yilda turmushga chiqqan Gerda 1997 yilda vafot etgan.

Ularning yagona farzandi Brigitta BBC bilan suhbatda otasini urush davridagi vazifalari uchun qoralamasligi, biroq nima uchun u Gitler va natsistlarga tanqidiy ko‘z bilan qaramasligini tushunmasligini aytgan.

Your contact details
Disclaimer