Osiyolik erkaklarning deyarli choragi "jinsiy zo‘rlaganini tan oladi"

Image copyright AFP
Image caption Dehlida o‘tgan dekabrda yuz bergan guruh zo‘rlashi hodisasi Osiyodagi ayollarga bo‘lgan munosabatlarga e‘tiborni kuchaytirdi

BMTning Osiyoda ayollarga qarshi zo‘ravonlikni tadqiq qilishga qaratilgan so‘rovida ishtirok etgan erkaklarning deyarli bir choragi o‘z umri davomida kamida bir marta ayolni jinsiy zo‘rlaganini tan olgan.

Jinsiy zo‘rlash o‘z ayoliga qarshi ayniqsa ko‘p qo‘llanilishi aniqlangan. Biroq, har 10 kishidan biri begona ayolni zo‘rlaganini tan olgan.

So‘rovda olti mamlakatda yashovchi 10 ming erkak ishtirok etgan.

Bu ayollarga qarshi zo‘ravonlik naqadar keng tarqalganini aniqlashga qaratilgan ilk xalqaro tadqiqotdir.

Zo‘rlaganini tan olgan erkaklarning deyarli yarmi buni bir martadan ko‘p sodir qilganini aytgan.

Jinsiy zo‘rlash hollari mamlakatdan mamlakatga qarab farq qiladi.

Papua Yangi Gvineyada so‘roq qilingan har 10 erkakdan olti nafari ayolni jinsiy aloqaga zo‘rlaganini tan olgan.

Eng kam zo‘rlash hollari Bangladeshning katta shaharlarida va Shri Lankada yuz berishi aniqlangan.

Kambodja, Xitoy va Indoneziyada so‘ralganlarning deyarli yarmi jinsiy zo‘rlashga iqror bo‘lganlar.

Tadqiqot nufuzli tibbiy Lanset jurnalida chop qilindi.

Mualliflar mazkur tadqiqot butun Osiyo va Tinch ummoni mintaqasidagi vaziyatga dalil bo‘la olmasligini aytishgan, biroq so‘roq qilinganlar o‘z mamlakatlaridagi vaziyat bo‘yicha yetarli ma‘lumotni yetkazib berganlar.

Erkaklardan quyidagi savollar so‘ralgan:

1. Siz ayolingiz istagiga qarshi ravishda, va u sizning ayolingiz bo‘lgani uchun rozi bo‘lishini o‘ylab turib, u bilan jinsiy aloqa qilganmisiz?

2. Siz o‘z qarshiligi yo roziligini izhor qila olmaydigan, spirtli ichimlik yoki narkotik ta‘siri ostida bo‘lgan ayol yo qiz bilan jinsiy aloqada bo‘lganmisiz?

Jinsiy zo‘rlashni tan olganlarning deyarli uch choragi bunday qilishga huquqli bo‘lganlari tufayli shu ishga qo‘l urganlarini aytishgan.

"Ular ayolning roziligisiz ham u bilan jinsiy aloqaga kirishga o‘zlarini huquqli deb bilganlar", - deydi muallif Doktor Emma Fulu.

Ikkinchi eng keng tarqalgan sabab - ko‘ngilhushlik yoki zerikish ekani aniqlangan.

Uchinchi sababga ko‘ra, zo‘rlagan erkak ayolni jazolash istagida bo‘lgan yoki g‘azablangan bo‘lgan.

"Eng kutilmagan topilma shuki, zo‘rlashga undagan omillar ichida alkogol katta rol o‘ynamagan", - deydi Doktor Fulu.

Bolaligida zo‘ravonlikka uchragan, va ayniqsa jinsiy tahqirlangan bolalar ulg‘ayganida jinsiy zo‘rlashga qul urishi aytiladi.

"Begona ayollarni zo‘rlaganini tan olgan erkaklarning yarmidan ko‘pi ilk marta o‘smirlik davrida bunga qo‘l urganlarini aytishdi. Demak, jinsiy zo‘rlashlarning oldini olmoqchi bo‘lsak, ana shu yoshdagi erkaklarni tarbiyalashimiz kerak", - dedi Baltimordagi Jon Xopkins instituti doktori Mishel Deker.

"Endilikda qarshimizda turgan vazifa bu dalil-isbotlar asosida dasturi amal ishlab chiqish va kelgusi ayol va qizlar avlodi uchun xavfsizroq kelajakni yaratishdir", - dedi u.

Siz O‘zbekistondagi vaziyat qanday deb bilasiz? Siz jinsiy zo‘rlash qurboni bo‘lganmisiz? Yoki jinsiy zo‘rlaganmisiz? O‘z fikrlaringiz bilan matn ostidagi forma yordamida o‘rtoqlashing.

Your contact details
Disclaimer