Braziliya 2014: O‘zbekiston jahon chempionati bilan xayrlashdi

O‘zbekiston Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo mintaqasi pley-off bosqich bellashuvi javob uchrashuvini 11 metrlik jarima to‘plari hisobiga Iordaniyaga boy berdi.

Iordaniya har ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘olib chiqib, keyingi bosqichga yo‘l oldi.

Chunki o‘tgan hafta Iordaniya poytaxti Ammanda bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuv 1:1 durang hisobi bilan yakunlangandi.

Iordaniya endi 2014 yilgi jahon chempionatiga Osiyo qit‘asidan so‘nggi yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun yakuniy pley-off bosqich bellashuvlarida Janubiy Amerika saralash bahslarida 5-o‘rinni egallagan jamoani ham yengishi shart bo‘ladi.

Bu milliy terma jamoaning eng katta ehtimol bilan Urugvay bo‘lishi kutilmoqda.

Ushbu pley-off bosqichi bellashuvlari shu yilning 15 va 19 noyabr kunlariga belgilangan.

Bu - Iordaniyaning o‘z tarixida ilk bor jahon chempionati Osiyo mintaqasi pley-off bosqichiga chiqib, unda g‘alaba qozonishi bo‘ladi.

O‘zbekiston 2005 yilda bu kabi yutuqqa erishgan, ammo ziddiyatlar manzarasida kechgan har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, pley-off bosqich bellashuvlarini boshqa bir arab davlati - Bahraynga boy bergandi.

Bugungi uchrashuv oldidan va Osiyo mintaqasi pley-off bosqichi bellashuvlari arafasida har ikki milliy terma jamoa Bosh murabbiylari maydonga faqat g‘alab uchun tushishlari va keyingi bosqichga chiqish, albatta, o‘zlariga nasib etishini bayon qilishgandi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, Iordaniya dastlabki pley-off bosqichi bellashuvlariga misrlik yangi Bosh murabbiyi Hussam Hasan boshchiligi ostida tushgandi.

So‘nggi bosqich saralash bellashuvlarida Iordaniyadan ko‘ra yaxshi natija ko‘rsatgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, faqat yakuniy uchrashuvlar natijasiga ko‘ragina 2014 yilgi jahon chempionatiga Osiyo qit‘asiga ajratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘rtta yo‘llanmadan birini qo‘lga kirita olmagandi.

Osiyo mintaqasi pley-off bosqichi bellashuvlaridagi mag‘lubiyati ortidan, O‘zbekiston bu yil jahon chempionatiga chiqishning so‘nggi imkoniyatini ham boy berdi.

Ayni o‘rinda eslatib o‘tish joiz, halicha O‘zbekistonga ham, Iordaniyaga ham jahon chempionatining final bosqich bellashuvlarida to‘p surish nasib etmagan.

Toshkentdagi o‘yin tafsilotlari

Iordaniyaga qarshi Toshkentda bo‘lib o‘tgan dastlabki pley-off bosqichi javob uchrashuvida O‘zbekiston 5-daqiqadayoq hisobda oldinga chiqib oldi.

Raqib jamoa dastlabki daqiqalardanoq hujumga tashlangan esa-da, o‘yinda hisobni O‘zbekiston milliy terma jamoasi ochdi.

O‘zbekistonliklarni oldinga olib chiqqan to‘pni Anzur Ismoilov o‘z hisobiga yozdi.

Ammo, o‘tkazib yuborilgan to‘pga qaramay, Iordaniya jamoasi o‘z hujumini susaytirmadi.

Qarshi hujumda bir qancha xavfli vaziyatlar paydo qilishga muvaffaq bo‘lgan O‘zbekiston jamoasi 42-daqiqagacha hisobni o‘z foydalariga tutib turdi.

Uchrashuv 1-bo‘limi tugashiga sanoqli daqiqalar qolgan bir paytda Said Murojon har ikki jamoa uchun ham muhim bo‘lgan uchrashuvda hisobni tenglashtirdi.

O‘tgan hafta Ammanda bo‘lib o‘tgan ilk uchrashuv 1:1 durang hisobi bilan yakunlangan va har ikki to‘p ham 1-bo‘limda kiritilgandi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining ustma-ust hujumlari manzarasida mezbon Iordaniya milliy terma jamoasi o‘yinda birinchi bo‘lib hisobni ochgandi.

Uchrashuv 1-bo‘limining 30-daqiqasida Musab al-Laham jamoasini oldinga olib chiqqandi.

Ammo oradan 5 daqiqa o‘tib, o‘zbekistonliklar sardori Server Jeparov hisobni tenglashtirgan va uchrashuv 1:1 durang hisobi bilan yakunlangandi.

Agar, Toshkentdagi javob uchrashuvi ortidan O‘zbekiston har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, keyingi bosqichga chiqsa, bu - milliy terma jamoa o‘z tarixida qayd etgan eng yuksak natija bo‘lardi.

Ammo Iordaniyaga qarshi Toshkentda bo‘lib o‘tgan Osiyo mintaqasi pley-off bosqichi javob uchrashuvining asosiy vaqti 1:1 durang hisobi bilan yakunlandi.

G‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha vaqt belgilandi. Ammo qo‘shimcha vaqtda ham asosiy vaqtda qayd etilgan hisob o‘zgarmadi.

Qo‘shimcha vaqtning 100-daqiqasida esa, "Paxtakor" stadionida chiroqlarning qisman o‘chib qolishi sabab, o‘yin muayyan muddatga to‘xtatildi.

Biroq oradan bir necha daqiqa o‘tib qayta boshlangan o‘yin ham g‘olibni aniqlab bera olmadi.

Hakam tomonidan belgilangan 11 metrlik jarima to‘plarini amalga oshirishda esa, Iordaniya omadliroq chiqdi.