UzWebiston: Paxtadan ozod bo‘lish qancha turadi?

Uzmetronom nashrining yozishicha, Toshkentdagi maktab o‘qituvchilari va bolalar bog‘chalarining tarbiyachilariga paxta terimidan ozod bo‘lishlari uchun 400 ming so‘mdan pul to‘lashlari kerakligi aytilgan.

Nashrning izoh berishicha, bu o‘tgan yilgidan 100 ming so‘m ko‘proqdir.

"Muqoyasa uchun: o‘qituvchining bir oylik maoshi ham shuncha", - deb yozadi Uzmetronom.

Maqolada aytilishicha, yig‘ib olingan mablag‘ ishsizlar va mardikorlarni terimga yollash uchun sarflanadi.

"Fermerlar va dehqonlarga paxtani terib olishdan foyda yo‘q, deb yozadi Uzmetronom, - davlat tomonidan bir kilogramm paxta uchun belgilangan narx arzimas - o‘tgan yili bu 150-200 so‘mni tashkil qilgan".

Nashrning yozishicha, 100 kilogramm paxta uchun 15-20 ming so‘m yoki qora bozor kursida 6-7 dollar pul ishlash mumkin. Bundan oziq-ovqat va yotoq uchun ham to‘lash kerak bo‘ladi.

Ammo paxta yig‘im-terimidan ozod bo‘lish uchun to‘lanadigan haq hamma joyda bir xil emas.

Aftidan, u hasharchilarning maoshlariga qarab belgilanadi.

Avvalroq Uzmetronom mahalliy hokimiyat Toshkent parklarida attraktsion biznesi bilan mashg‘ul tadbirkorlarni ham paxta yig‘im-terimiga safarbar qilishi haqida yozgandi.

websayt manba‘lariga ko‘ra, bu haqda tadbirkorlarni ogoh qilgan park direktorlari Toshkent shahar hokimining buyrug‘i borligini aytishgan.

"Buyruqqa binoan tadbirkorlar 40 kunga Sirdaryo viloyatiga olib ketiladi", deb yozadi nashr.

Manba‘ga ko‘ra, paxtaga chiqishni istamagan tadbirkorlarga bir yarim million so‘m yoki 750 AQSh dollariga yaqin pul to‘lash taklif etilgan.

"Pul to‘lash yoki terimga borishdan bosh tortgan shaxslarga "ma‘muriy choralar" ko‘rish bilan tahdid qilishgan", - deb yozadi Uzmetronom.

Shu kunlarda "Fergananews.com" agentligi ham Toshkentdagi qator byudjet tashkilotlari xodimlari kelayotgan paxta mavsumidan xabardor qilinganliklari haqida yozgan.

"Jumladan, poytaxt shifoxonalaridagi vrachlar va hamshiralarni paxtaga yuborish rejalanmoqda. Ayni paytda oziq-ovqat va turar-joy uchun byudjet xodimlari o‘z cho‘ntaklaridan to‘lashlariga to‘g‘ri keladi", deb yozgan "Farg‘ona".

Uznews.net nashrining yozishicha, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida kattalar va bolalardan paxtaga chiqish yoki uning pulini to‘lab qo‘yish talab qilingan.

Maqolada yozilishicha, mahalla faollari uyma-uy yurib, ota-onalarni paxta yig‘im-terim terimida qatnashsalargina bolalar nafaqasini olishlari haqida ogohlantirganlar.

Uznews ga ko‘ra, Jizzaxda paxtadan ozod bo‘lish narxi kishi boshiga 150 ming so‘m qilib belgilangan.

"6 sentyabr kuni tibbiyot kollejida ota-onalar yig‘ilishi o‘tkazilib, bolalarning 100 foiz paxtaga chiqishini ta‘minlash, sog‘ligi izn bermagan talabalar uchun esa 600 ming so‘m yoki 220 AQSh dollari miqdorida pul to‘lash talab qilingan", deb yozadi nashr.

Yig‘im-terim arafasida "paxta" Twitter"da o‘zbekistonliklar eng ko‘p ishlatadigan so‘zlardan biriga aylangan.

"Paxtaga bormaslik uchun kimgadir "paxta" qo‘yish kerak" deb yozadi Bobur Umurzoqov ismli foydalanuvchi.

Abbos Alimov esa "Seshanbadan paxta. Uydagilar yana paxtaga chiqishimga ruxsat berishmadi", deb yozgan.

"Paqqqqqq etib kuz ham kelib qoldi. Bu yog‘i ikki oy paxta" deydi Shuhrat Shokirjonov.

Zafarbek Badalboyev esa "paxta sezoni yaqinlashgan sari yurak beziyapti..." deb yozadi.

"O‘zimni xursand qilib shuni aytamanki, deya mujda yo‘llaydi Twitterdoshlarga Komiljon Ikromov, - paxta yig‘im-terimiga jo‘nash keyingi haftaga qoldirilibdi. Bu hafta to‘liq o‘qish ekan".