Osiyo Banki nega O‘zbekistondagi yirik loyihasini to‘xtatishi kerak?

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Sovet davridan buyon eskirib qolgan irrigatsiya tizimini isloh etish O‘zbekiston uchun o‘ta muhim

Human Rights Watch xalqaro inson huquqlariga tashkilotiga ko‘ra, Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini ta‘mirlash eng avvalo paxtachilikka foyda keltiradi. O‘zbekistondagi paxtachilikda esa yuz minglab bolalaru kattalar tekin va majburiy mehnatga jalb qilib kelinadi.

Ayni damda, aholisi katta, sahrolashish kuchli, suvga chanqoq hamda qishloq xo‘jaligiga asoslangan mamlakat uchun suv va irrigatsiya tizimlarini zamonaviylashtirish o‘ta muhim.

Biroq nega ushbu holatlarni bila turib, Human Rights Watch tashkiloti Osiyo Taraqqiyot Bankini rejalangan Amu-Buxoro loyihasini to‘xtatib turishga chaqirmoqda?

BBC O‘zbek Xizmati ushbu savol bilan tashkilot vakili Hyu Uilyamsonga murojaat etdi:

Hyu Uilyamson (Hugh Williamson): Shaksiz, Osiyo Taraqqiyot Banki O‘zbekiston iqtisodini rivojlantirishda muhim o‘rin tutadi. Xususan, eskirgan qishloq xo‘jaligi tizimini zamonaviylashtirish va irrigatsiya tizimini ta‘mirlashda ham ahamiyati katta. Lekin Osiyo Banki bu mamlakatda bolalar keng miqyosda paxta ishlariga majburlanishini unutgan ko‘rinadi. Osiyo Taraqqiyot Banki ta‘mirlayotgan irrigatsiya tizimi esa yana aynan ana shu paxtachilik sektoriga foyda keltiradi. Shu bois ham biz Osiyo Banki hozirgi loyihasi bilan O‘zbekistondagi majburiy mehnatni rag‘batlantirib qolmasin, degan fikrdamiz.

BBC: Lekin O‘zbekiston bosqichma-bosqich bola mehnatidan voz kechayotganini aytmoqda. Hatto qator kuzatuvchilar ham yosh bolalarni paxta ishlariga majburlash to‘xtayotgani haqida ta‘kidlashmoqda-ku?

Hyu Uilyamson: To‘g‘ri, O‘zbekiston hukumati va ayrim mustaqil hisobotlarning qayd etishicha, 2012 yilgi paxta hosili jarayonida ancha kam sonda bolalar ishlatilgan. Xususan, yosh bolalarni nazarda tutayapman. Ammo paxta ishlariga majburlanayotgan katta yoshli odamlar soni oshib bormoqda. O‘tgan yig‘im-terim davrida ham bir milliondan ortiq O‘zbekiston fuqarosi majburiy dala ishlariga jalb etildi. Shunday ekan, bu yilgi mavsumda ahvol yaxshi tarafiga o‘zgarishi kutilmaydi. Majburiy mehnat masalasi hal bo‘ldi, deyayotgan O‘zbekiston hukumatining gaplari esa haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Image caption O‘zbekiston hozir yosh bolalarni paxta ishlariga jalb etmasligini aytadi, ammo katta yoshlilarni tekin paxta terib berishga majburlamoqda

BBC: Mana siz O‘zbekiston uchun juda muhim sanalgan yirik Amu-Buxoro irrigatsiya loyihasini to‘xtatishni, unga sarmoya kiritmaslikni talab qilayapsiz. Ammo sizningcha, boshqa qanday yo‘l tutish mumkin? O‘rniga nima taklif etasiz?

Hyu Uilyamson: Biz Osiyo Taraqqiyot Banki ayni loyihadan voz kechishi kerak, degan fikrdan uzoqmiz. Aslo bunday niyatimiz yo‘q. Ammo bank o‘z siyosatiga mos ishi tutish zarur. Negaki, Osiyo Taraqqiyot Banki ichki siyosatiga ko‘ra, ular majburiy mehnatga aloqador hech qanday loyihani dastaklamasligi kerak. Afsuski, mana hozirgi loyihada ular faqatgina irrigatsiya tizimiga bevosita aloqador xodimlarni hisobga olishibdi. Lekin ushbu irrigatsiya tizimini ta‘mirlashdan ilk o‘rinda O‘zbekistondagi paxta sohasi manfaatdordir. Shu sababli ham Osiyo Banki har vaqt O‘zbekiston hukumati bilan ayni masalada gaplashganida loyihalarni qo‘llashini, biroq paxta sohasidagi majburiy mehnatdan butkul voz kechilgan holatdagina yordam berishini uqdirishi lozim.

BBC: Ammo Osiyo Banki bu kabi talabni ilgari sursa, O‘zbekiston hukumati har qanday hamkorlikni to‘xtatib qo‘yishi ehtimolini ham unutmaslik kerak. Bu esa alal-oqibatda yana paxtachilik va irrigatsiya sohasidagi islohotlarni orqaga surib, ko‘proq arzon qo‘l mehnatiga ehtiyojni oshirishi mumkin. Og‘irlik esa yana O‘zbekiston xalqi yelkasiga tushadi. Shunday ekan, har holda hamkorlikni ushlab turgan ma‘qul emasmi?

Hyu Uilyamson: Rost, O‘zbekiston hukumati Osiyo Banki bilan hamkorlikni to‘xtatsa, juda afsuslanarli ish bo‘ladi. Biz buni istamaymiz. Lekin mazkur hamkorlik adolatga tayanishi va har bir taraf hurmat qiladigan, majburiy mehnatni taqiqlaydigan xalqaro me‘yorlarga asoslanishi shart. Axir O‘zbekiston hukumati bu me‘yorlar bitilgan xalqaro qonunlarga imzo chekkan, Osiyo Banki esa o‘z nizomida ko‘rsatib qo‘ygan-ku. Biz bor-yo‘g‘i ikki taraf ham o‘zi imzo chekkan xalqaro me‘yorlarni hurmat qilishini, ularga rioya etishini so‘rayapmiz. Xuddi shu asosda hamkorlik qilishsin va O‘zbekiston iqtisodi rivojlansin.

BBC: Baribir, shu kabi loyihalar alal-oqibatda O‘zbekiston iqtisodini, xususan, qishloq xo‘jaligini zamonaviylashtirib, majburiy mehnatni tugatishga sharoit yaratmaydimi?

Hyu Uilyamson: Bu qiziq fikr. Lekin dehqonchilikni boshqarishning boshqa juda ko‘plab yo‘llari hamda usullari mavjud. Bu uchun hukumat tekin va majburiy mehnatdan foydalanishi hech ham shart emas. Dunyo bo‘ylab dehqonlarga yaxshi moyana to‘layotgan, ularning huquqlarini hurmat qilayotgan va shu qatorda ilg‘or qishloq xo‘jaligini yaratgan ko‘plab mamlakatlar bor. Ularning qishloq ho‘jaligi O‘zbekistonnikidan ko‘ra ancha samarali va ilg‘or. Agar O‘zbekiston hukumati uzoqni ko‘zlab ish tutganida edi, majburiy va tekin mehnat aslida o‘z iqtisodi uchun foyda keltirmasligini anglab yetardi. Va jahondagi boshqa davlatlar kabi odamlarni normal asosda ishga yollab, mehnatiga yarasha haq to‘lardi.