Mirjalol Qosimov: "Iste‘fo so‘rayman"

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Osiyo qit‘asi pley-off bosqich bellashuvlaridagi mag‘lubiyatlari ortidan, "barcha aybni o‘z bo‘yniga olib, iste‘fo so‘rashi"ni aytgan.

Bu haqda O‘zbekiston Futbol Uyushmasi rasmiy web sahifasida chop etilgan o‘yin orti matbuot anjumani tafsilotlaridan ayon bo‘lgan.

"Jahon chempionatiga chiqishni istagan edik. Ammo vazifa bajarilmadi. Barcha aybni o‘z bo‘ynimga olgan holda iste‘fo so‘rayman. Jamoaga yangi qon kerak", deb aytgan Mirjalol Qosimov.

Kecha 10 sentyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan javob uchrashuvi ortidan, O‘zbekiston milliy terma jamoasi har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, dastlabki pley-off bosqichi bellashuvlarini Iordaniyaga yutqazib, 2014 yilgi jahon chempionatiga chiqishning so‘nggi imkoniyatini ham boy bergandi.

"Paxtakor" stadionida kechgan va har ikki Osiyo vakili uchun ham hal qiluvchisi bo‘lgan uchrashuv taqdirini penaltilar seriyasi hal qilgandi.

11 metrlik jarima to‘plarini amalga oshirishda Iordaniya omadliroq chiqib, O‘zbekiston milliy terma jamoasini 8:9 hisobida mag‘lub etgandi.

Ikkovlon o‘rtasida o‘tgan hafta Ammanda kechgan dastlabki uchrashuv 1:1 durang hisobi bilan yakunlangani bois, har ikki o‘yin natijasiga muvofiq, Osiyo mintaqasi pley-off bosqichi bellashuvlari Iordaniya foydasiga hal bo‘lgandi.

Braziliya 2014: O‘zbekiston jahon chempionati bilan xayrlashdi

Ammo, ayni o‘rinda shuni ham eslatib o‘tish joizki, Iordaniyani mag‘lub etgan taqdirda ham, jahon chempionatiga so‘nggi yo‘llanmani qo‘lga kiritish uchun O‘zbekiston Janubiy Amerika vakiliga qarshi qit‘alararo pley-off bosqichida ham g‘alaba qozonishi shart edi.

O‘z tarixida ilk bor Osiyo mintaqasi pley-off bosqichiga chiqib, unda zafar quchgan Iordaniya milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Husam Hasan ham, "Toshkentda bo‘lgan o‘yinning qiyin va asabiy bo‘lgani"ni tan olib, "O‘zbekistonga faqat omad yetishmaganligi"ni ta‘kidlagan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi esa, o‘zining qisqa tarixida aynan kecha "iste‘fo so‘rashi"ni aytgan Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov boshchiligi ostida ikki bor jahon birinchiligining dastlabki pley-off bosqichiga chiqqan.

2005 yilda esa, faqatgina yaponiyalik hakamning xatosi va buning ortidan kelib chiqqan mojarolar tufayli, qit‘alararo yakuniy pley-off bosqichiga chiqish imkonini boshqa bir arab davlati - Bahraynga boy bergandi.

Ikki bor Osiyo mintaqasi pley-off bosqichiga ko‘tarilish esa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi jahon birinchiligi saralash bosqich bellashuvlarida qayd etgan eng yuksak natija hisoblanadi.

Ta‘kidlash joiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi Mirjalol Qosimov Bosh murabbiyligi ostida 2014 yilgi jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmani qo‘lga kiritishiga juda yaqin qolgan va "A" guruhida bo‘lib o‘tgan so‘nggi bosqich saralash bellashuvlari yakuniy natijasiga muvofiqqina, undan mosuvo qolgandi. Faqat to‘plar nisbatidagi farqqina ularga pand bergandi.

Vadim Abramov esa, o‘zi Bosh murabbiylik qilgan 2011 yilda O‘zbekiston milliy terma jamoasini o‘z tarixida ilk bor Osiyo Kubogining yarim finaliga olib chiqqan.

Bosh murabbiy

Image caption Orada jamoaga braziliya, rossiya, olmoniya va angliyalik futbol mutaxassislari ham murabbiylik qilishgan

Mirjalol Qosimov o‘tgan yil iyun oyida O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z maydonida Eronga qarshi so‘nggi bosqich saralash bellashuvlari dastlabki uchrashuvini boy berishi ortidan, Vadim Abramovning o‘rniga ikkinchi bor Bosh murabbiy etib tayinlangandi.

O‘z vaqtida haqli ravishda yulduz futbolchilardan biri deb tan olingan Mirjalol Qosimov milliy terma jamoa barobarida Toshkentning "Bunyodkor" klubini ham boshqarib keladi.

Mirjalol Qosimov dastlab 2006 yilda Rauf Inileyev bilan birga milliy va Olimpiya terma jamoalariga hammurabbiylik qilishni boshlaydi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining so‘nggi jahon chempionati yakuniy bosqich saralash bellashuvlaridagi ketma-ket mag‘lubiyati ortidan, 2009 yilda jamoaga Bosh murabbiy etib tayinlanadi.

Ammo yil o‘tib, O‘zbekiston milliy terma jamoasining 2011 yilgi Osiyo Kubogi saralash bosqich uchrashuvlaridagi muvaffaqiyatsizligi sabab, o‘z vazifasini topshiradi.

Uning o‘rniga Vadim Abramov Bosh murabbiy etib tayinlanadi.

Vadim Abramov ungacha Toshkentning "Lokomotiv" klubiga boshchilik qilib kelgan.

O‘zining porloq futbolchilik karerasi davomida Mirjalol Qosimov "Paxtakor", "Dinamo" (Minsk), "Alaniya" (Vladikavkaz) kabi jamoalarda to‘p surish qatorida sobiq SSSR Olimpiya terma jamoasi a‘zosi ham bo‘lgan.

Rossiya chempioni, uch bor "O‘zbekistonning eng yaxshi futbolchisi" sanaladi.

12-Osiyo O‘yinlari g‘olibi, O‘smirlar o‘rtasida jahon (1987) va Ovro‘po chempioni (1988) bo‘lgan.

O‘tgan yil esa, Andijon viloyatida Mirjalol Qosimov nomida futbol maktabi ham ochilgandi.

Bu - O‘zbekistonda mashhur futbolchi sharafiga ochilgan ilk maktab bo‘ladi.

Mirjalol Qosimov o‘tgan yil O‘zbekistonda "Yilning eng yaxshi murabbiyi", deb tan olingan.

Agar, ayrim ma‘lumotlarga tayanilsa, 1994 yildan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiysi 16 bor o‘zgargan.

Orada jamoaga braziliya, rossiya, olmoniya va angliyalik futbol mutaxassislari ham murabbiylik qilishgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi o‘z tarixida erishgan eng katta yutug‘i esa, 1994 yilga to‘g‘ri keladi.

Jamoa o‘shanda Birodar Abduraimov va Rustam Akramovlar hammurabbiyligi ostida Yaponiyada bo‘lib o‘tgan Osiyo O‘yinlari g‘olibi bo‘lgandi.