Nirvana do‘konlariga reyd uyushtirishga kim jur‘at qildi?

Jahon bo‘ylab deyarli barcha DVD do‘konlari yopilmoqda.

Buning sababi bir nechta. Birinchidan, internetdan ham qonuniy, ham noqonuniy yo‘l bilan xohlagan musiqa yoki filmni yuklab olishning imkoniyati oshib borayapti. Ikkinchidan, Amazon kabi onlayn do‘konlari o‘z molini magazinlardan ko‘ra arzonroq sotmoqda. Masalan, Buyuk Britaniyada Woolworths, Zavvi/Virgin Megastores, Blockbuster, qator HMV va mustaqil DVD lar bilan savdo qilgan do‘konlar so‘nggi bir necha yil ichida kasodga uchramaslik uchun yopilishga majbur bo‘ldilar.

O‘zbekiston ham boshqa mamlakatlardan farq qilmaydi. Toshkentdagi tanishlarimning barchasi film va musiqani o‘z kompyuteriga tekinga yuklab olishadi. Albatta, bu to‘g‘ri emasligini hamma tushunadi, lekin boshqa iloj yo‘q. Bitta DVD ning narxiga siz O‘zbek serverlarida xosting xizmatidan foydalanayotgan O‘zbek saytlariga tezlik bilan bog‘lana olasiz. Bir oy davomida sifati o‘ta yuqori bo‘lgan film va musiqalarni qisqa vaqtda yuklab olishingiz mumkin va eng muhimi bu bepul amalga oshiriladi.

Sal oldinroq "Qozog‘iston" kinoteatri yonida joylashgan Nirvana savdo markaziga kirdim. Butun magazin bo‘m-bo‘sh edi. Uyqusirab o‘tirgan sotuvchi meni ko‘rib hayron qoldi. Chunki katta va dabdabali do‘konda men yolg‘iz mijoz edim. Poldan shiftgacha devor polkalarida O‘zbekiston va Rossiyada ishlab chiqarilgan DVD and CD lar taxlab qo‘yilgan. Sotib olgan DVD im pirat nusxasi chiqib, men unga 10 dollar to‘ladim. Kotrabandani siz uning muqovasidan va umuman past sifatidan darrov taniysiz. Xuddi soxta puldek bir qarashdayoq asl emasligini anglab olasiz. Nazarimda, men sotib olgan DVD Britaniyadan ham ko‘ra judda qimmat edi. Keyin men o‘ylanib qoldim, biznes bu kabi ketaversa, ya‘ni do‘konda birorta mijoz bo‘lmasa va Toshkent markazida joylashgani uchun qimmat ijara haqi to‘laversa, bu biznes qanday qilib kasodga uchramasligi mumkin? O‘zi bu tarmoq qay yo‘sin faoliyat yuritib kelgan? Farazlarga ko‘ra, Nirvana savdo markazlari boshqa maqsadlarni nazarda tutib ta‘sis etilgan bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, tarmoqqa kim egalik qilishi ham ko‘pgina savol tug‘diradi. Ba‘zi internet xabarlarida aytishlaricha, O‘zbekiston prezidentining qizi Gulnora Karimova o‘zining yangi qo‘shig‘ini e‘lon qilganida, faqat eksklyuziv tarzda Nirvana tarmog‘idan sotib olish mumkinligini bildirgan. Ishonchli manbalarga ko‘ra, Nirvana tarmog‘i Dado guruhining qo‘shiqchilari aka-uka Madumarovlarning qo‘lida. Ulardan biri Rustam Madumarov PanTerra ovoz yozish studiyasini tashkil qilgan va unga egalik qiladi. Madumarovlar bu sohada qattiq monopoliyani o‘rnatganlar deb ishoniladi. PanTerra esa Gulnora Karimovaga tegishli Terra Group imperiyasi tarmog‘iga kiradi. Aka-ukalar Gulnora Karimovaga yaqin bo‘lgan Toshkentning ijodiy elitasi orasida juda nufuzli maqomga ega.

Shuning uchun ham bo‘lsa kerak, kuni-kecha Gulnora Karimovaning Twitterda o‘zining g‘azabini yashirolmagani yaqqol ko‘zga tashlangan. Unga ko‘ra, hamma Xitoydan kelgan mehmonlar bilan ovora bo‘lib turganida, prokurorlar Nirvana do‘konlariga reyd uyushtirganlar. Uning bu mavzuga bag‘ishlangan tvitlarida Nirvana O‘zbekistonda yagona rasmiy distribyutor ekani va soliq to‘layotgani yozilgan. Endi esa, uning ogohlantirishicha, hamma Toshkentda kontrabandaga yana qaytadi. U prokurorlarning harakatlariga muholif ekanligini shunchalar ochiq ko‘rsatganidan uning ham bu biznesga ayrim aloqasi borligini faraz qilish mumkin.

Lekin Nirvana birinchi marta reyd nishoniga aylanayotgani yo‘q. Bir necha yil oldin (2008) Fergana.ru xabar qilishicha, Toshkent Soliq boshqarmasi va mualliflik huquqlari idorasi misli ko‘rilmagan keng miqyosdagi qo‘shma amaliyotni o‘tkazgan. Va natijada xorijiy filmlar, musiqa, kompyuter o‘yinlari bo‘lgan 100 mingdan ortiq soxta DVD, VCD va MP3 disklar musodara etilgan. Ushbu amaliyot 2004 yilda O‘zbekiston imzolagan va mualiflik huquqlarini himoya qilgan Bern konventsiyasiga muvofiq o‘tkazilgan bo‘lgan. Fergana.ru suhbatga tortgan toshkentlikning aytishicha, "nazarimda, bu biznesni tortib olishga yo Prezident yaqinlari yo-da xukumatdagi amaldorlar aralashgan bo‘lishlari mumkin".

Savol tug‘iladi: Karimova xonimga aloqasi bor biznes ekanini bila turib, bu reydga O‘zbekiston amaldorlaridan kimning jur‘ati yetgan? Nazarimda, bu ramziy qadam edi, bu shunchaki unga daxlsiz emasligini eslatib qo‘yish uchun bir harakat bo‘lgan.

Toshkentlik blogger.