Qozog‘iston chegarachilari o‘zbekistonlik qonunbuzarlarni qo‘lga olgan

Image copyright none

Qozog‘iston chegarachilari 117 nafar o‘zbekistonlik qonunbuzarlarni qo‘lga olgan.

Chegara xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra ushbu fuqarolar Qozog‘iston hududida yurishga ruxsat beruvchi hech qanday hujjatga ega bo‘lmagan.

Qozog‘istonga o‘zbekistonliklar asosan ishlash uchun keladi va ushbu jarayonni qonunlashtirishning deyarli imkoni bo‘lmagani uchun noqonuiy ravishda yurishga majbur bo‘ladi.

Qozog‘iston milliy xavfsizlik qo‘mitasi chegara xizmati tarqatgan xabarga ko‘ra O‘zbekistonning 117 fuqarosi o‘z vatanlariga o‘tayotganda qo‘lga olingan.

Qo‘lga olingan 117 kishidan 23 tasi belgilangan muddatda Qozog‘istonni tark etmagan. Qolgan 93 tasi migratsion politsiya organlarida umuman ro‘yxatdan o‘tmagan. Ushlanganlar ma‘muriy javobgarlikka tortilgan.

Asosan ishlash uchun keladigan o‘zbek fuqarolarining deyarli aksariyati qonunni buzib yurishga majburligi aytiladi. Nazorat va chegaradan o‘tish vaqtida esa pul berish bilan qutilishadi.

Ismi o‘zgartirilgan Nodir aka Ostonada ishlaydi. Ko‘p qatori u ham migratsion hujjatini tegishli idoradan ro‘yxatdan o‘tkazmaydi. Vataniga borib kelish har safar sarguzashtlarga boy bo‘ladi. Bundan bir oy oldingi safarida u mingan avtobusni politsiya to‘xtatgan

"Avtobus birdan chapga burildi-da, dala yo‘lga kirib 5-6 chaqirim pastga tushib bir narsani kutdi. Pardalarni ochmanglar, telefonlarni yoqmanglar, dedi. U yerdan chiqib yana Ostona tomonga qarab qaytdi. Keyin u yoqqa o‘tdi, bu yoqqa o‘tdi. Xullas oldidan chiqib ushlashdi, janjal bo‘lib ketdi. Politsiya Biz 10 olmasak bo‘lmaydi, deyishdi. 10 tani olib UAZikka bosib jo‘natdi. Qaytib kelib yana 15 tani bosdi. Oxiri 35 ta odamni olib ketdi. Ayollarni hurmat qildi, shekilli, hujjati bo‘lmasa ham qoldirdi", - deydi Nodir aka.

Nodir aka O‘zbekistonga borish uchun avtobus ma‘muriga yo‘l haqidan tashqari qo‘shimcha 50 dollar beradi. Ushbu 50 dollar yo‘ldagi turli tekshiruvlar va chegaradan eson omon o‘tib olishga kafolat bo‘lishi kerak. Biroq avtobusning hamma ma‘murlari ham bergan va‘dasida turolmaydi. Nodir akaning o‘tgan safar qo‘lga olinishiga sabab politsiya atalgan pulni avtobus haydovchisi bermagan.

"Bizni militsiyaxonaga olib borib qo‘yishdi. O‘sha yerda jarimada turgan va militsiyaning buzuq mashinalari ichida tong ottirdik. O‘sha yerdagi serjantdan, nimaga hamma avtobus ketib biz qoldik, deb so‘radim. Sizlarning starshinalaring shunaqa qildi, dedi. 14 ming tangadan pul olgandi, avtobusda 70 odam bo‘lsa, hech bo‘lmasa 1000 tangadan bersa ham o‘zlariga 13 ming qolardiku, dedim. 20-30 ming tanga berganida biz qo‘yib yuborardik, ammo uning 10 tiyin ham bergisi kelgani yo‘q, deb javob berdi", - deydi Nodir aka.

Sud qolganlarni ma‘muriy javobgarlikka tortgan Nodir akaning yoshini inobatga olib ikki kun politsiya idorasida yotganini jazo sifatida qabul qilgan va hech qanday jarimasiz ozodlikka qo‘yib yuborgan.

O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi yurish uchun migratsion politsiya 2 oyga ruxsat beradi. Ikki oydan keyin Qozog‘iston chegarasidan chiqib kelishga majbur bo‘ladi. Ammo bitta migratsiya qog‘ozi uchun hech kimning har ikki oyda minglab chaqirim masofani bosib o‘tishga istagi bo‘lmaydi. Eng oson yo‘l noqonuniy ravishda porasini berib qutilishga harakat qilishadi.

Qirg‘iziston fuqarolari esa ikki davlat o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra 6 oygacha migratsion idoralardan ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.