Rossiya: Isinishni istagan o‘zbeklar zaharlanib o‘lganlar

Rossiyaning Novosibirsk shahrida uch nafar o‘zbekistonlik zaharlanish oqibatida nobud bo‘lganlar.

Marhum yigitlar Ob shahri Yujnaya ko‘chasidagi qurilish vagonida yashab kelishgan. Ancha salqin tushib qolganligi sababli tunda sovqotgan mehnat muhojirlari isinish uchun vagon yonida taxtalarni yoqishgan. So‘ng cho‘g‘ini ichkariga olib kirib, ko‘mirning ustiga tashlab uxlashgan.

Ertasi kuni yigitlar ishga chiqmaganlar. Shu shaharda ishlovchi yigitlarning tog‘asi jiyanlarini ishga chiqmaganliklarining sababini bilish uchun vagonga kelib, ularning jonsiz yotganini ko‘rgan.

Marhumlarning yoshi 17, 18 va 30da bo‘lgan. Bir oilaning a‘zolari bo‘lgan yigitlar Farg‘ona viloyatining So‘x tumanidan Novosibirskka ishlash uchun kelishgan.

Mazkur hodisa yuzasidan Novosibirsk viloyati IIB matbuot xizmati xodimi BBCga gapira turib, o‘limga zaharlanish sabab bo‘lganini bildirdi.

"Markaziy osiyolik mehnat muhojirlarining o‘limi yuzasidan surishtiruv ishlari o‘tkazildi. Ekspertizada aniqlanishicha, ishchi migrantlarning o‘limiga ko‘mirdan zaharlanish sabab bo‘lgan, - deya ma‘lum qildi voiz. - Bu hodisa Novosibirsk shahrida o‘zbekistonliklarning o‘limi bilan bog‘liq ikkinchi fojeadir".

Bundan uch xafta avval o‘zbekistonlik ayol Novosibirskda vahshiylarcha o‘ldirilgan edi. Ikki qizi bilan shaharga ishlashga kelgan ayol 16 joyidan pichoqlangan. Mazkur holat bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

O‘zbekistonlik ishchilar vafot etgan kuni Novosibirsk viloyatida havoning harorati kunduzi +12, tunda +9 darajada bo‘lgan.

Qurilish vagonlarida yashovchi o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari bilan bog‘liq bunday fojealar Rossiyada kuzatilib turiladi.

Jumladan, o‘tgan yilning mart oyida Moskva shahridagi Kachalovo bozoridagi vagonda yashovchi 16 nafar o‘zbekistonlik yigitlarning tiriklay yonib ketgani keng ommaning e‘tiboriga tushgan edi.

Your contact details
Disclaimer