Bishkek: ShHT sammiti o‘tmoqda, "kirlaringizni tashqariga osmang"

Rossiya siyosatchilarga ko‘ra, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Suriya inqirozi muhokama qilinadi.

Sammit 13 sentyabr kuni Bishkek shahrida bo‘lib o‘tadi.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga Rossiya, Xitoy, O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikiston a‘zo hisoblanadi,

Eron, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston va Mo‘g‘uliston kuzatuvchi maqomiga egalar.

Shu bois, Eron Prezidenti Hasan Ruhoniy, Afg‘oniston Jumhurraisi Homid Karzay hamda Mongoliya rahbari Tsaxiagiyn Elbegdorj ham ushbu oliymaqom uchrashuvda ishtirok etish uchun Bishkekka yetib borishgan.

Ayni paytda O‘zbekiston rahbari Islom Karimov Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitiga ishtirok etish uchun Bishkekka yetib borgan.

Karimov janoblarining Qirg‘iziston rahbari Almazbek Atambayev bilan uchrashuvi rejalangan.

Tojikiston va Qozog‘iston prezidentlari ham hozir Bishkekda hozir bo‘lishgan.

Asosiy masalalar

Qirg‘iziston Prezidenti idorasiga ko‘ra, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining 13-yig‘inida mintaqadagi xavfsizlik, giyohvand moddalar savdosi, ekstremizm va terrorga qarshi kurash masalalari mubohasa etiladi.

Rossiya siyosatchilariga ko‘ra, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammitida Suriya inqirozi muhokama qilinadi.

Biroq, Bishkek mulozimlari ushbu masala alohida ko‘tarilmasligini aytishgandi.

Ammo, tahlilchilarga ko‘ra, Suriya va Afg‘onistondagi vaziyat barqaror bo‘lishi a‘zo davlatlar manfaatida ekani hisobga olinsa, Suriya mojarosi sammit kun tartibidagi asosiy masala bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Qolaversa, xorijiy kuchlar Afg‘onistondan chiqib ketishga hozirlanarkan, u yerdagi xavfsizlik masalalariga ham katta e‘tibor qaratiladi.

Yana bir nozik masala bu - Xitoyning Afg‘oniston va umuman mintaqada vaziyatga munosabati deb ko‘rilmoqda.

Kuzatuvchchilarga ko‘ra, Xitoy Afg‘oniston va Suriyadagi ixtiloflar o‘zining Shinjon minaqasiga ham ta‘sir qo‘yishidan xavotirda.

Xavfsizlik choralari va yo "kirlaringizni ko‘chaga osmang"

Image copyright bbc
Image caption Bishkek ko‘chalarida qatnov har doimgidan ko‘p ekani aytiladi

Qirg‘iziston huquq-tartibot organlariga ko‘ra, anjuman oldidan Bishkekda xavfsizlik choralari kuchaytirilgan va bu ishga militsiyaning ikki yarim mingdan ortiq xodimlari jalb etilgan. Bundan tashqari muayyan sondagi maxsus xizmatlar zobitlari ham safarbar qilingani xabar qilinadi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ma‘lumotlarga ko‘ra, poytaxt Bishkek hokimiyati aholiga: "Oliymaqom mehmonlarni hayajonga solib, ayvonlarga kir yoyib tashlamanglar", deya murojaat qilgan.

Bishkekda qatnov ko‘paygani va ko‘chalar muntazam bekitib qo‘yilayotganini kuzatish mumkin.