Suriya kimyoviy qurollarini xalqaro nazoratga topshirishga rozi bo‘ldi

Image copyright unknown
Image caption Suriya o‘z qaroriga AQSh tahdidi sabab bo‘lmaganini aytdi

Suriya Prezidenti Bashar al-Assad Rossiya televideniyesi orqali chiqish qilib o‘z mamlakatining kimyoviy qurollari xalqaro nazorat ostiga qo‘yilishini bildirgan.

Janob Assad "Rossiya 24" kanali orqali gapirib, bu qaroriga AQSh harbiy hujumlari tahdidi emas, balki Rossiya tashabbusi turtki bo‘lganini aytgan.

Bu e‘lon Rossiya va AQSh tashqi ishlar vazirlari Jenevada uchrashishga tayyorlanayotgan vaqtda yangragan.

AQSh Suriya rejimini 21 avgustda Damashq tashqarisida zaharli gaz hujumini uyushtirib yuzlab odamlarni o‘ldirishda ayblaydi.

Suriya hukumati buni rad etib, hujum uchun isyonchilarni ayblagan.

"Tinchlik imkoniyati"

"Rossiya 24" davlat telekanali orqali chiqish qilgan janob Assad: "Suriya o‘z kimyoviy qurollarini Rossiya tufayli xalqaro nazorat ostiga topshirmoqda. AQSh tahdidlari bu qarorga ta‘sir qilgani yo‘q", - deb aytgan.

Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov avvalroq Moskvaning uchta eng asosiy takliflarini o‘qib eshittirgan:

Suriya kimyoviy qurollar ishlab chiqarish va ishlatishni ta‘qiqlovchi Kimyoviy moddalar bo‘yicha Konventsiyaga qo‘shilishi kerak. Suriya kimyoviy qurollari qayerda saqlanishini ochiqlashi kerak va o‘z dasturining tafsilotlarini yetkazib berishi kerak. Ekspertlar qanday aniq choralar ko‘rilishi lozimligi bo‘yicha qaror qilishlari kerak.

O‘z telesuhbatida janob Assad Suriya kimyoviy qurollar konventsiyasiga qo‘shilish jarayonining bir qismi sifatida BMTga tegishli hujjatlarni yo‘llashini aytdi.

Qozog‘istonga safarini yakunlayotgan janob Lavrov: "Aminmanki, Suriyada tinchlikka erishishning imkoniyatlari bor. Buni qo‘ldan boy bera olmaymiz", - dedi.

U mazkur qurollarning yo‘q qilinishi borasida biron gap aytmadi. Mazkur masala Moskvaning Damashq bilan muzokaralaridagi noqulay jihatdir.

Janob Lavrov bu rejalarni Jenevada AQSh Davlat kotibi Jon Kerri bilan muhokama qiladi. Kerri janoblari avvaliga BMT va Arab ligasi elchisi Laxdar Brahimiy bilan muzokaralar olib boradi.

AQSh rasmiylari Rossiyaning rejasini "amalga oshirsa bo‘ladi, lekin qiyin" deya baholashgan.

Janob Kerri bilan safar qilayotgan rasmiylar Suriya o‘z kimyoviy qurollarini tez va to‘laligicha ochiqlashi borasidagi talabni Rossiya bilan muhokama qilishlarini aytishdi.

Rossiya hafta boshida Suriyani qurolsizlantirish taklifi bilan chiqishi ortidan AQSh harbiy hujumlar rejasini kechiktirgan.

Your contact details
Disclaimer