AQShda Qur‘oni Karimni yoqmoqchi bo‘lgan pastor hibs qilindi

Терри Жонс  Image copyright Reuters
Image caption Terri Jons 2010 yil ham Qur‘oni Karimni yoqish tahdidi bilan chiqqandi

Qo‘shma Shtatlardagi pastor Terri Jons (Terry Jones) 11 sentyabr hujumlariga 12 yil to‘lishi munosabati bilan 3000 yaqin Qur‘oni Karim nusxasini yoqishini e‘lon qilishi ortidan hibsga olingan.

61 yoshli Terri Jons yuk mashinasida kabob pishiradigan katta qo‘ra va kerosinga botirilgan kitoblarni olib ketayotgan mahal politsiya tarafidan to‘xtatib qolingan.

U Tampa Bey istirohat bog‘ida Qur‘onning 2998 nusxasiga o‘t qo‘yishni rejalaganini aytgan.

Terri Jons 2010 yil ham Qur‘oni Karimni yoqish tahdidi bilan chiqqan va bu xalqaro miqyosda qahru g‘azabga sabab bo‘lgandi.

2011 yil u Floridadagi cherkovda tarafdorlarini to‘plab, bu ishni amalga oshirgan va bu Yaqin Sharq va Afg‘oniston bo‘ylab zo‘ravon norozilik chiqishlariga yetaklagandi.

Terri Jons yordamchisi yana bir pastor Marvin Sapp bilan birga Malberri shahrida chorshanba kuni qo‘lga olingan.

Uning mashinasida kerosin sepilgan Qur‘on nusxalaridan tashqari idishlarga solingan yoqilg‘i ham bo‘lgan.

Politsiyaning aytishicha, har ikki shaxs yoqilg‘ini noqonuniy tashib ketayotganlikda ayblangan, shuningdek, Terri Jonsga ochiqchasiga o‘qotar qurol olib yurganlik ayblovi ham qo‘yilgan.

Oldinroq, u o‘z websahifasida istirohat bog‘i yaqinida Qur‘onni yoqmoqchi ekani haqija e‘lon qilingandi.

Mahalliy politsiya rahbariga ko‘ra, uning zobitlari Jonsni qilayotgan ishi qonunga zid ekanini aytib ogohlantirgan.