Plastik pul qog‘oz puldan nimasi bilan afzal?

Image copyright Getty
Image caption O‘nlab mamlakatlarda plastik kupyuralar allaqachon amalga kirgan

Angliya banki 2016 yildan qog‘oz pullarni plastik pullar bilan almashtirishni rejalayapti.

Bankning aytishicha, polimer ashyosidan tayyorlangan bu pul birliklarini soxtalashtirish qiyin bo‘ladi, va ular kir yuvish mashinasidan ham omon chiqadi.

Amaldagi britan pul birligi paxta qog‘ozidan tayyorlangan bo‘lib, besh funt sterling kupyurasining umr muddati atigi bir yil.

Yangi pullar esa polipropilendan yasalgan ingichka, shaffof va egiluvchan tasmadan tayyorlanadi.

Yangi pul birligi so‘ngra siyoh qatlami bilan qoplanadi.

Bankning ishonishicha, yangi kupyura tozaroq bo‘ladi, u kir yo namni yuqtirmaydi. Masalan, hozirda kupyuralarda dog‘ qoldiradigan qizil vino yangilaridan bemalol artib tashlanishi mumkin bo‘ladi.

Yangi pullar, shuningdek, hozirgilaridan kamida 2,5 marta uzoq amal qilishi mumkin. Lekin, ekstremal yuqori haroratda, masalan, dazmol ostiga qo‘yilganda bujmayishi va qisqarishi xavfi bor.

Ularga soxtalashtirishga qarshi murakkab jihozlar o‘rnatiladi. Yangi Zelandiya polimer kupyuralarni amalga kiritganidan beri soxta pullar miqdori keskin kamayganini ma‘lum qilgan.

Plastik pullar tabiat uchun ham foydali ekani aytiladi. Avstraliyada, masalan, ishdan chiqqan plastik kupyuralar qayta ishlanib, tuvaklar kabi boshqa plastik jihozlarni ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.

Angliya bankiga ko‘ra, yangi kupyuralar hozirgilaridan ancha ingichkaroq va egiluvchanroq bo‘ladi, shunday ekan ularni kistakka yo karmonga sig‘dirish osonlashadi.

Agar polimer pullar ishga tushirilsa, bu Britaniyadagi ilk plastik kupyuraning bozorga kirishini anglatmaydi.

1999 yilda Shimoliy Irlandiyaning Shimoliy banki kelgusi 2000 yilning sharafiga £5 kupyurasini taqdim qilgandi.

Britaniyalik tadqiqotchilar polimer kupyuralarni amalga kiritgan 20ta mamlakatning tajribasini o‘rganib chiqqanlar. Ulardan yettitasi hozirda faqat plastik pullardan foydalanadi.

Yangi kupyuralar faqat ular uchun qo‘llanilayotgan material emas, balki ularning dizayni bilan ham ajralib turadi.

Angliya Banki 2016 yildan sobiq bosh vazir Uinston Cherchilni £5 kupyurasiga chizishni rejalayapti. Angliya banki pullarida ayollar kamligi haqida shikoyatlar ko‘payishi ortidan, bank £10 ustida Jeyn Ostenni aks ettirishini e‘lon qilgan.

Your contact details
Disclaimer