Shinjon hujumi: Xitoy uch nafar uyg‘urni o‘lim jazosiga hukm etdi

Image caption Zo‘ravonliklar ortidan jurnalistlarga Lukqumga safar qilish nihoyatda qiyinlashgan

Xitoy mahkamasi uch nafar shaxsni 35 inson umriga zomin bo‘lgan Shinjondagi zo‘ravonliklar yuzasidan o‘lim jazosiga hukm etdi, deya xabar beradi Xitoy davlat matbuoti.

Mahkama Shinjon poytaxti Urumchidan 200 kilometrcha janubi-sharqda joylashgan Luqchun shaharchasida 26 iyun kuni yuz bergan zo‘ravonlikni "terrorchilik hujumi" deb atagan.

O‘shanda davlat matbuoti politsiya bo‘linmalariga pichoqlar bilan hujum qilgan olomonga qarata politsiya o‘t ochdi, deya xabar qilgandi.

Xabarga ko‘ra, to‘rtinchi shaxsni zo‘ravonliklardagi ishtiroki uchun 25 yilga ozodlikdan mahrum etgan.

Musulmon uyg‘urlar va xitoylik xanlar jamoalari o‘rtasidagi munosabatlar o‘ta tarang bo‘lgan Shinjon mintaqasida vaqti-vaqti bilan zo‘ravonliklar yuz berib turadi.

Shinjon mahkamasi Ahmadniyoz Siddiq, Urayim Eli va Abdulla Ezrapliga o‘lim jazosini berdi, deya ma‘lum qilgan Shinxua davlat axborot agentligi.

Agentlik Ahmadniyoz Siddiqni guruh rahbari bo‘lganini aytgan.

Bu shaxslar "diniy ekstremizmni tarqatganlar" va "xorijiy terrorchi tashkilotlarning zo‘ravonlikni targ‘ib etuvchi videolarini tomosha qilganlar", deya xabar bergan Shinxua mahkamaga iqtibosan.

Davlat matbuoti 11 hujumchidan tashqari yana 24 nafar inson halok bo‘lgani haqida xabar tarqatgandi.

Axborot qattiq nazorat qilinuvchi Shinjondan olingan xabarlarni tasdiqlatish qiyin.

Zo‘ravonliklar yuz bergan payti Luqchunga safar qilishga uringan BBC muxbirini politsiya nazorat nuqtasidan orqaga qaytargan edi.

Uyg‘urlar Shinjon aholisining taxminan 45% tashkil etadi.

Ammo uyg‘urlarga ko‘ra, mintaqaga xanlarni joylashtirish siyosati natijasida uyg‘urlar soni ozayib bormoqda.

Pekin rasmiylari Shinjondagi zo‘ravonliklar uchun ko‘p hollarda mintaqani Xitoydan ajratib olish yo‘llarini izlayotgan uyg‘ur "ekstremistlari"ni ayblashadi.

Uyg‘ur faollari esa Pekinni o‘z qattiqqo‘l siyosatini oqlash bahonasida bo‘lginchlik xavfini bo‘rttirib ko‘rsatayotganlikda ayblashadi.

2009 yilda Urumchi shahrida xanlar va uyg‘urlar o‘rtasida yuz bergan qonli to‘qnashuvlarda 200 nafarga yaqin inson halok bo‘lgandi.