Novgorod yaqinida yuz bergan yong‘in 37 nafar inson umriga zomin bo‘ldi

Image copyright Reuters
Image caption Internatning erkak bemorlar saqlanuvchi bo‘limi butunlay yonib ketgan

Rossiyaning Novgorod shahri yaqinidagi ruhiy xastaliklar shifoxonasida yuz bergan yong‘in natijasida 37 nafar inson nobud bo‘lgan.

Rossiya tergov qo‘mitasiga ko‘ra, 37 nafar insonning barchasi yong‘in paytida halok bo‘lgan.

"Yong‘in paytida odamlarni xavfsiz joyga olib chiqishga uringan 46 yoshli sanitarka ham xalok bo‘lgan. Shu paytgacha 10 qurbonning jasadi topilgan", - deb xabar qiladi RIA Novosti axborot agentligi.

Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, faqat 23 nafar insonni qutqarishga muvaffaq bo‘lishgan, ulardan uch nafari yengil tan jaroxati olgan.

Yong‘in yarim kechada Luka qishlog‘ida joylashgan "Oksochi" nomli ruhiy xastaliklar internati korpusida boshlangan.

Yong‘in avjiga chiqqan payti shifoxonada 59 bemor bo‘lgan. Ulardan 22 nafarining yotgan kasallar ekani aytiladi.

Yog‘och bino

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma‘lumotiga ko‘ra, yong‘in Moskva vaqti bilan soat tonggi 02:52 boshlanib, tez orada imoratning 670 kvadrat metriga yoyilgan.

Soat 04:25 o‘t uchiruvchilar yong‘inni to‘xtatishga muvaffaq bo‘lganlar, biroq bu paytga kelib internatning erkak bemorlari saqlanuvchi binosi butunlay yonib ketgan.

Tergov qo‘mitasi "mas‘uliyatsizlik" va "ehtiyotsizlik tufayli yuz bergan o‘lim" kabi qonun bandlari asosida jinoiy ish ochgan.

Qo‘mita taxminiga ko‘ra, bemorlardan biri o‘z ko‘rpa-tushagiga o‘t qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

Ayni paytda Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi general-leytenanti Yuriy Deshevыxning RIA Novosti agentligiga aytishicha, yonib ketgan bino yog‘ochdan qo‘rilgan bo‘lib, yong‘in xavfsizligiga binoan mahkama qarori bilan yopilishi kerak edi.

"Mahkama qaroriga binoan, 2014 yilning 1-avgustigacha kasalxona o‘z bemorlarini chiqarishi kerak bo‘lgan", - deb aytgan u.

"Yong‘inga qarshi tizim ishga tushgach, hamshiralar 22 nafar to‘shakda bo‘lgan kasalni evakuatsiya qilishga muvaffaq bo‘lganlar", - deb aytgan Deshevыx.

Rossiyada ruhiy kasalliklar bemorxonalarida yong‘in birinchi marta yuz berayotgani yo‘q.

Aprel oyida Podmoskoveda 38 inson nobud bo‘lgandi.

Rossiyaning inson huquqlari bo‘yicha ma‘suli Vladimir Lukinga ko‘ra, yangi fojealarning oldini olish uchun ruhiy xastaliklar shifoxonalari ustidan jamoat nazoratini o‘rnatish kerak.

"Bu kabi takliflarimiz iqtidordagi tizimlarning qo‘llab-quvatloviga qaramasdan byurokratiya ummonida cho‘kib ketmoqda. Novgorod qurbonlarini xotirlagan holda bu eng dolzarb gumanitar muammo yechimi topilishiga umid qilaman", - deb aytgan Vladimir Lukin Interfaks axborot agentligiga.