Samuel Eto'O: "Avvaliga Mourinodan nafratlanganman"

Image copyright BBC World Service

Kamerunlik yulduz futbolchi dunyoning eng nomdor murabbiylaridan biriga bo‘lgan munosabatini BBCga bergan suhbati chog‘ida ana shunday ochiqladi.

Hozir rossiyalik milliarder Roman Abramovichning boyvachcha "Chelsi"si hujumchisi bo‘lgan Eto'Oning aytishicha, Joze Mourino bilan keyinchalik apoq-chapoq bo‘lib ketganliklariga qaramay, dastlab bir-birlarini ko‘rarga ko‘zlari bo‘lmagan.

32 yoshli yulduz hujumchi nega "Inter" yoki "Manchester Yunayted" qolib, "Chelsi"ga o‘tishga qaror qilgani sababini ham aynan portugaliyalik murabbiy bilan izohlagan.

Ustoz va shogird bundan avval 2010 yilda Milanning "Inter"i bilan birga Chempionlar chempionligini qo‘lga kiritishgan.

Samuel Eto'Oning BBC bilan suhbatida aytishicha, Joze Mourino bilan o‘zaro munosabatlari juda qiziq bo‘lgan.

"Avvaliga bir-birimizga toqat qilolmaganmiz. Ammo, keyinchalik, bir-birimizga mehr qo‘yib ketganmiz", deydi u.

Samuel Eto'O yaqinda erkin agent maqomida bir yillik shartnoma bilan moviylar safiga qo‘shilgan va yana o‘zining sobiq Bosh murabbiyi qo‘l ostida to‘p surishni boshlagandi.

To‘rt karra "Afrikaning eng zo‘r futbolchisi" 2011 yilda "Anji" bilan uch yilga shartnoma imzolarkan, dunyoning eng yuqori maoshli futbolchisiga aylangandi.

Ammo "Chelsi"ga o‘tarkan, maoshi ham 17 milliondan 7 million funt sterlingga tushib qolgan.

"Baribir Mourino bilan ishlagim keladi"

Image copyright Getty

BBC esa, mashhur futbolchi bilan uning hayotiga bag‘ishlangan turkum hikoyalar birinchisining taqdimot marosimi chog‘ida suhbatlashishga muvaffaq bo‘ldi.

Suhbat chog‘ida Samuel Eto'O "Inter"da bir necha bor jiqqa-musht bo‘lib qolishganiga qaramay, baribir portugaliyalik nomdor murabbiysi bilan ishlashni yoqtirishini tan olgan.

"Bir-birimizga og‘zimizdan ko‘pigimizni sachratib, baqirgan, og‘zimizga kelgan so‘zni qaytarmay, san-manga borgan bir o‘yinlarni haliyam eslamayn. Keyin ikkovimiz ham qilgan ishimizdan rosa pushaymon bo‘lganmiz", deydi u.

"Biroq menga Joze Mourinoning muammolarni qanday hal qilishi yoqadi. U haqiqiy erkak kishidek yo‘l tutadi. Menga esa, uning aynan ana shu xislati yoqadi. Shuning uchun ham, qachon Joze Mourino bilan ishlash imkoniyati tug‘ilsa, men shu zahotiyoq undan foydalanib qolishga harakat qilaman".

"Gapning dangalini gapiradi"

Image copyright cfc

Samuel Eto'Oning aytishicha, sobiq va yangi Bosh murabbiyining dangalchiligi, haq so‘zni aytishga kelganda, yuzing-ko‘zing deb o‘tirmasligini ham juda yoqtiradi.

"Joze menga faqatgina murabbiy emas. U haqiqatni tap tortmay gapiradigan inson ham".

"Yoningda har doim shunga o‘xshash odamning bo‘lishi judayam muhim. Bizning faoliyatimizda esa, bundaylar juda kam uchraydi".

Kamerun milliy terma jamoasi sardorining da‘vo qilishicha, "Anji" sohibi klub byudjetini keskin qisqartirish uchun yulduz futbolchilarini sotish harakatiga tushib qolganiga qaramay, bu yoz Rossiyani tark etish istagida bo‘lmagan.

Yulduz futbolchiga ko‘ra, Joze Mourinoning birgina qo‘ng‘irog‘i hamma rejalarini o‘zgartirib yuborgan.

"Rossiyadagi hayotimdan nolimasdim. Lekin Londonga uchib, qo‘nib kelishim uchun birgina sobiq murabbiyimning qo‘ng‘irog‘i kifoya qildi. Men hayotimning yana bir quvonchli bosqichi boshlanarkan-da, dedimu, yo‘l taraddudini ko‘rdim. Bu yerga kelganimdan juda mamnunman. Chunki "Chelsi" ajoyib klub".