Koloradodagi suv toshqinlari sabab 500 inson bedarak qolmoqda

Image copyright AP

AQShning Kolorado shtatida yuz bergan kuchli suv toshqinlaridan so‘ng bedarak ketganlar soni 520 ga yetdi, deb xabar qiladi Amerika axborot vositalari.

Shtat rasmiylariga ko‘ra, noma‘lum qolayotganlar xavfsiz joyda bo‘lishlari mumkin, faqat imkon yo‘qligidan yaqinlari yoki qutqaruvchilar bilan bog‘lana olmayotganiga umid qilinyapti.

Shu payga qadar suv toshqini besh kishining umriga zomin bo‘lgani aniqlangan. Qutqaruvchilar chekka tumanlarga yetib borgach, halok bo‘lganlar soni ortishi ham mumkin.

"Men bunday bo‘lmasligiga umid va duo qilaman, lekin yopilib qolgan binolardagi vayronagarchiliklar yangi qurbonlar bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi", deydi tuman rasmiylaridan Boudder Djo Pelle.

Koloradodagi vaziyat shanba kungi yomg‘irdan so‘ng yanada murakkablashgan. Meteorologlar yakshanba kuni ham yog‘ingarchilik davom etishidan ogohlantiradi.

Kolorado va Meksikadagi sel toshqinlari 11 sentyabrdan buyon davom etmoqda.

Hukumat keng miqyosdagi qutqaruv ishlarini boshlagan, suv toshqinlari bo‘lgan hududlardan o‘n minglab odamlar ko‘chirilgan.

Qutqarish amaliyotlariga Amerika qirg‘oq xavfsizligi tikucharlari, armiya va politsiya bo‘linmalari ham jalb qilingan.

Biroq telefon simlarining uzilib qolgani va simyog‘ochlarning qulab tushgani qutqaruv ishlarini murakkablashtirmoqda.

30 dan ortiq ko‘prik va yuzlab chaqirim yo‘llar vayron bo‘lgani bois qutqaruvchilarning manzilga tezroq yetishlari qiyinlashyapti.

Milliy gvardiyaning tikuchar va avtomashinalari yetib borgan ba‘zi hududlarda esa aholi uyini tashlab ketishga ko‘nmayotgani aytiladi.

Hukumat odamlarni yangi suv toshqinlaridan ogohlantirgan.

Prezident Barak Obama suv bosgan tumanlarda favqulodda holat e‘lon qilgan.

Odamlarni qutqarish bilan birga ularga oziq ovqat va ichimlik suvi tarqatilyapti.

O‘tgan hafta Koloradoga 38 smdan ko‘p, ya‘ni o‘rtacha bir yillik yog‘in yoqqan.

Bu suv toshqinlari o‘tgan asrning 40 yillaridan buyon eng kuchli ekani aytilmoqda.