"Paxta mavsumi sabab Toshkentda mardikorlarning narxi keskin ko‘tarilgan"

Image caption Mardikorlar bir kunga 50 ming so‘mdan kamiga rozi bo‘lmayaptilar, deydi Sur‘at Ikromov

Hukumat paxtani davlat byudjetida ishlaydiganlar va xususiy tadbirkorlarning hisobiga terib olishga kirishgan bir vaqtda poytaxtda mardikorlarning narxi keskin ko‘tarilib ketgan.

O‘zbekiston Mustaqil huquq himoyachilari tashabbus guruhi O‘zbekistondagi davlat tashkilotlarida ishlovchi pedagog va shifokorlar, vazirlik va hokimlik xodimlari, gazchilarning paxta yig‘im-terimiga majburan olib chiqilayotgani haqida yozgan.

Xususiy tadbirkorlarga esa yordamchi topib berish majburiyati yuklangan.

Biz tashabbus guruhi rahbari Sur‘at Ikromov bilan suhbatlashib, hasharchilarning ko‘lami borasida so‘radik:

Sur‘at Ikromov: Bizga kelgan ma‘lumotlarga ko‘ra 200 ming odamni Toshkent shahridan paxta terimiga olib chiqish mo‘ljal qilinayapti. Butun respublika bo‘yicha oladigan bo‘lsak, 2,5 million aholi olib chiqiladi. Paxta ochilgan vaqtida tez terib olish uchun hukumat ko‘proq odamlarni jalb qilishga majbur bo‘lmoqda.

BBC: Siz bu raqamlarni qayerdan olgansiz?

Sur‘at Ikromov: O‘tgan yili internetda chiqqan xabarlar bo‘yicha maktab o‘quvchilar bilan qo‘shib hisoblaganda 1,5 – 2 million aholi paxtaga chiqqan. Bu yil sentyabrning oxiri va oktyabr boshlarida ob-havo seryog‘in kelishi kutilmoqda. Xosilni tezroq terib olish maqsadida ko‘proq odam jalb qilishga majbur bo‘lishayapti.

BBC: Paxtaga jalb qilinayotganlar faqat davlat byudjetidan maosh oluvchilarmi yoki boshqa soha vakillari ham bormi?

Sur‘at Ikromov: Bu yerda hamma sohadan bor. O‘sha tadbirkorlar deysizmi, bankirlar deysizmi, hammasining bo‘yniga shu narsa qo‘yilgan.

BBC: Mustaqil tadbirkorning bo‘yniga qanday qilib, paxta terish majburiyatini qo‘yish mumkin?

Sur‘at Ikromov: Hokimlarning buyrug‘i bilan ularni soliq inspektsiyasiga chaqirishadi. Har bir biznesmenga shunaqa shart qo‘yiladi. Kimdir o‘zi boradi, boshqalarni yuboradi yoki o‘shancha mablag‘ni beradi.

BBC: Toshkentlik tadbirkor umrida paxtani ko‘rmagan bo‘lsa, borib bir kunlik normani terib bera olishi mumkinmi?

Sur‘at Ikromov: Agar tadbirkorning chiqqisi kelmasa yoki bormasa, ularga shart qo‘yilayapti, "masalan mardikorni topgin va o‘zingning nomingdan yuborasan". Hukumatga odam kuchi kerak, teruvchi kerak. Ularga tadbirkor, bank ishchisi yo vrach paxta terishi shart emas. Teruvchi odam kerak. Mardikorlar hozir juda ham yaxshi vaziyatga tushib qoldi. Ularning bir kunlik narxi 50 ming so‘mga chiqib ketdi. Paxtaga borish uchun 50 mingdan kamiga hech kim rozi bo‘lmayapti. Oldin og‘ir ishlarga ham bir kunlik ish haqqi 30 ming so‘m edi.

BBC: Nima uchun unda mardikorga to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilinmasdan, tadbirkor va shifokorlarga murojaat bo‘layapti?

Sur‘at Ikromov: Qanaqa qilib murojaat qiladi?! Mardikor o‘z holicha yuribdi. Ularni qanday qilib yig‘adi. Ikkinchidan, o‘sha mardikorni jalb qilishi uchun davlat o‘zining byudjetidan pul to‘lashi kerak. Bu yerdagi masala shulki, mardikorga pul davlat byudjetidan ketmaydi. Tadbirkorning cho‘ntagidan ketadi.

BBC: Ushbu holatlardan norozilik bo‘lib, huquq himoyachilari yoki prokuraturaga murojaat qilayotganlar bormi?

Sur‘at Ikromov: Bizga shikoyat qilib kelgan odamlarni himoya qilishimiz mumkin. Agar ushbu jalb qilinayotgan odamlar ariza bilan kelmasa, biz ularni himoya qilolmaymiz. Hozir shunday narsa bo‘layaptiki, paxtaga ketayotgan har bir odamga hokimiyatdan mansabdor odamlar tushuntirayaptiki, agar biror jurnalist, chet ellik nima maqsadda paxta terayotganini so‘rasa, bu narsani o‘z xohishi bilan qilayotganini va hech kim majburlamaganini aytishi kerak. Yana vatanini sevishi, uning iqtisodini ko‘tarishga yordam berish uchun paxta terimiga chiqqanini aytishni talab qilishmoqda.