"Biz sizni chaqirganimiz yo‘q, shuning uchun muammongizni o‘zingiz hal qiling"

Image copyright RIA Novosti
Image caption "Najot" tashkiloti Rossiya huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining noqonuniy amallariga e‘tibor qaratgan

Xorazm viloyatidagi "Najot" inson huquqlarini himoya qilish tashkiloti xabar tarqatishicha, yoz oylarida 1200 xorazmlik Rossiyadan majburan ortga qaytarilgan.

Bu haqda hisobot tarqatgan "Najot" tashkiloti Rossiya huquq-tartibot organlari xodimlarining mehnat muhojirlariga nisbatan noqonuniy amallariga e‘tibor qaratgan.

Oxirgi uch oyda Rossiyaning markaziy hududlarida bu mamlakatda qonunga zid ravishda bo‘lib turgan mehnat muhojirlarini tutish, vataniga qaytarish amaliyotlari kuchaydi.

Biroq "Najot" tashkiloti o‘z monitoringida Xorazm viloyatiga qaytgan oddiy insonlarning boshidan kechgan hodisalarni qayd etgan.

"Rossiya rossiyaliklar uchun", "Yo‘qol kelgindilar" degan shiorlar ostida migrantlarga nisbatan qullardek munosabat qiladilar. O‘zlarining ishlab topgan pullarini ololmagan ko‘plab mehnat muhojirlari kasodga uchraganlar. Og‘ir mehnatlari bilan topgan pullariga sotib olgan tovarlarini tashlab qochishga majbur bo‘lganlar. Bunday migrantlar Rossiya Federatsiyasi mahalliy politsiyasiga murojaat qilganlarida, ularga shunday javob berishgan: "Biz sizni bu yerga chaqirganimiz yo‘q. Siz o‘zingiz kelgansiz, endi o‘zingizning muammongizni o‘zingiz hal qiling! Bizning boshimizni og‘ritmang!", deyiladi "Najot" tarqatgan hisobotda.

Xorazmdagi inson haqlari tashkiloti Rossiya politsiyasi oxirgi paytda o‘zbekistonlik migrantlarni deportatsiya qilish uchun ularga tobora ko‘p soxta ayblovlar qo‘yayotganini urg‘ulagan.

Yashash uchun sharoit yo‘qligi, kvartira qidirish imkonsizligidan muhojirlar kichkina uylarda ko‘pchilik bo‘lib yashashga majburlar.

Hokimiyat bosimi tufayli oxirgi paytlarda ko‘p qavatli uylardagi kommunal xo‘jaliklar rahbarlari muhojirlarni o‘zlari yashab turgan kvartiralardan majburan chiqarishni boshlagan.

"Najot" bunday hodisalar, ayniqsa, Moskva shahri va viloyati, Sankt-Peterburg, Ryazan, Yekaterinburg shaharlarida, Krasnodar o‘lkasi va Qora dengiz sohilidagi boshqa hududlarda ko‘payganini aytadi.

"Biror manzilda namozxon migrantlar yashayotganini mahalliy aholidan bilib olgan mahalliy amaldorlar huquqni muhofaza qilish organlari bilan birga bu kvartiralarga maxsus reydlar uyushtirmoqdalar va naamoz o‘qiydigan o‘zbeklarni hibs qilmoqdalar", deya xabar qiladi "Najot" tashkiloti.

Krasnodar o‘lkasi va kazaklar yashaydigan boshqa hududlarda kazaklarning qurolli guruhlari mehnat muhojirlarini haqoratlayotganlari, qamchilayotganlari uchrayapti.

Xorazm viloyatidagi tashkilot Anapa shahrini misol qilib keltirgan.

O‘zbekistonda mehnat qilib topgan maosh o‘z oilasini boqish uchun yetarli emasligi ko‘plab o‘zbekistonliklarni chet eldan ish topishga majbur qilgan.

Eng ko‘p o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari Rossiya hududidalar.

Norasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 10 million atrofida O‘zbekiston fuqarolari qonuniy va noqonuniy migrant sifatida bu mamlakat hududida daromad topmoqdalar.

Shuningdek, Janubiy Koreya, Qozog‘iston va Turkiya ham ko‘plab o‘zbekistonliklarni o‘ziga jalb qilgan.