London ajoyibotlari: "Alfa-Romeo" avtomashinasi 9,5 mln dollarga sotildi

Alfa Romeo poyga mashinasi shanba kechqurun Bonhams kim oshdi savdosida rekord darajadagi pulga, 5,937 mln funt yoki 9,427 mln dollarga sotilgan.

Bu Alfa Romeo rusumidagi mashina uchun shu paytgacha qo‘yilgan ulkan baho sanaladi.

Kim oshdi savdosi Angliya janubidagi Chichester shag‘rida, "Gudvud" aerodromida o‘tkazilgan.

Aerodrom avtomashina ishqibozlari bilan to‘lgan.

"Alfa Romeo Tipo C 8C-35 "50013" - Scuderia Ferrari Nr 65" mashinasi 1935 yil yasalgan.

Aynan shu avtomashinada taniqli italiyalik avtopoygachi Tatsio Nuvolari musobaqalarda qatnashgani aytiladi.

"Alfa Romeo Monza 2300"ning 1933 chiqarilgan nusxasi ham 2010 yil Kaliforniya shtatida rekord baho- 4,2 million funt (6,7 mln) dollarga sotib olingan.

Shu yilning iyul oyida Bonhams kim oshdi savdosida shu paytgacha sotilgan mashinalar orasida mutlaq rekord baho o‘rnatilgan.

O‘shanda argentinalik mashhur poygachi Xuan Manuel Fanxioning 1954-1955 yildagi "Formula-1" mavsumida g‘alaba qozongan Mercedes-Benz mashinasi 19, 6 millionga sotilgan edi.