"Ko‘rsatma berayotgan paytida muslima yuzini ochishi shart"

Image copyright BBC World Service

Muslima mahkamada yuzini to‘liq yopishi mumkin, biroq ko‘rsatma berayotgan paytida ochishi shart, deya qaror chiqargan Britan hakami.

Bu mahkama jarayoni Londondagi Blakfrayars Qirollik mahkamasida bo‘lib o‘tmoqda.

Londonning Xakni tumanida istiqomat qiladigan 22 yoshli muslimaga guvohni qo‘rqitish ayblovi qo‘yilgan.

Bundan oldin ham bir mahkama bo‘lib o‘tgan va unda ayolga qo‘yilgan ayb o‘z isbotini topmagani aytilgan.

Muslimaning ismi-sharifi huquqiy jihatdan kelib chiqib oshkor etilmayapti.

U yuzini to‘liq yopib olgan va biror bir nomahram erkakning oldida yuzini ochmoqchi emas.

Ayol 2012 yilning mayidan to‘la niqobga kirganini aytgan.

Blakfrayars Qirollik mahkamasi hakami Piter Myorfi agar muslima xohlasa, uning yuzini sud zalidagi boshqa odamlar ko‘rmasligi uchun bir ekran qo‘yib berishi mumkinligini, biroq ko‘rsatma berayotgan payti hakam, hay‘at va prokurorlar uning yuzini ko‘rishlari shart, deya qaror chiqargan.

Bundan oldingi mahkamalarda muslima ayolning yuzini to‘liq yopib o‘tirishiga ruxsat berilgan.

Biroq bu gal hakam Myorfi shunday deb aytgan: "Hakamning ayblanuvchi yuzini ko‘rishi ayblanuvchi berayotgan ko‘rsatmaning rostligini aniqlash uchun muhimdir".

Muslimaga "D" deb murojaat qilarkan, "mening sizning e‘tiqodingiz qat‘iyligiga shubham yo‘q", deb aytgan hakam.

"Niqobingiz sud zalidagi filga aylandi", der ekan hakam Piter Myorfi bu masalani qanday hal qilish yo‘lida boshi qotgan Britan hakamlari "dardini izhor qilgan".

"Parlament yoki yuqoriroq mahkama tez orada ushbu masalaga oydinlik kiritishiga umid qilaman", deb aytgan hakam.

"Agar hakamlar turli joylardagi turli ishlarda (niqob masalasiga) har xil yondashaversalar, bu huquqiy tartibsizlikka olib keladi", degan u.

Ushbu mahkama qarori Liberal-demokratik partiya a‘zosi Jeremi Braunning erkinlikni cheklash oson emas, biroq mamlakat bo‘ylab qizlarning yuzlarini yopib yurishlarida davlatning roli qanday bo‘lishi kerakligi haqida debatlarni boshlash kerak, degan taklif bilan chiqqan paytga to‘g‘ri kelgan.

Muslima advokatining aytishicha, agar ayolni yuzidagi niqobi uning istagiga zid ravishda yechiladigan bo‘lsa, bu uning e‘tiqodini izhor qilish huquqining butkul poymol etilishi bo‘ladi.

Hakamning qaroriga qarshi appellyatsiya arizasini yozasizmi, degan savolga advokat, "yo‘llarimiz ustida o‘ylab ko‘ramiz", deb javob bergan.

Bundan oldingi mahkama tinglovlarida muslima o‘zining shaxsini tasdiqlash uchun ayol politsiya zobitiga yuzini ochgan va politsiyachi shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan solishtirgan.

Britaniyadagi Milliy Dunyoviy Jamiyat ijrochi direktori Keyt Porteus Vud aytishicha, u "har bir ayblanuvchining yuzi har doim ko‘rinib turishi "hayotiy muhim" ekaniga ishonadi va hakamning qaroridan "afsusda".

"Biz Huquqiy Shikoyatlar Idorasiga shikoyat qilamiz va yetakchi huquqiy mansabdorlardan tinglov paytida yuz ko‘rinishini har bir hakamning ixtiyoriga qo‘yilgan emas, majburiy masala qilib qo‘yilishini talab qilamiz", deb aytgan Milliy Dunyoviy Jamiyat rahbari.