Paxta: O‘qituvchilarga talabalarni topishdek izquvarlar vazifasi berilgan

Image copyright fergananews.com

O‘zbekistondagi maktab va kollejlardagi davomat ko‘rsatkichlari ochiqlanmaydi, lekin ko‘plab maktab va ayniqsa kollej talabalari ta‘limni chetga surib, qiynalib qolgan oilasiga yordam berish uchun ishlashi oddiy holga aylangan. Majburiy paxta terimi boshlanar ekan, bu o‘quvchi-talabalarni yo‘qlab qolishgan. O‘qituvchilarga ularni qayerdan bo‘lmasin topish va dalaga haydash buyurilgan. O‘zbekistonlik o‘qituvchi hikoyasi.

Paxta mavsumi ham boshlandi. Kollej 1,5 oyga yopildi. Sog‘lig‘im yaxshi emasligiga qaramay, menga ham dalaga chiqish buyurildi. Lekin bundan ham mushkul vazifa, menga biriktirilgan 30 kollej talabasini topish va paxta terimiga chiqishga majburlash. Paxta terganim yetmagandek, ikki ko‘zim o‘ttiz bolada bo‘lishi kerak, chunki to‘satdan g‘oyib bo‘lib qoladigan talabalarim bor. Qochib qolishadi, orqalaridan yugurishim kerak.

Paxta yig‘im-terimi rasman bugun boshlandi, lekin 10 kun avval direktorimiz bizni yig‘ib, o‘qishga kelmayotgan bolalarni topishdek detektiv vazifasini topshirdi. Menga "bozor mahalla" tushdi. Ba‘zilarini topdim, va "Paxta-terimiga chiqishimga kafolat beraman" degan tilxatlarni yozdirib oldim.

Agar bu va‘dasida turmasa, ular uchastkovy ro‘yxatiga tushadi.

Kollejda nomiga o‘qiyotgan talabalar ko‘p, 10-15 foizi jurnalda bor-u, aslida bozorda, kafelarda yo "paynet"da ishlaydi. 17-18 yoshar bolalar... Pul topishi kerakdir. Lekin o‘qish majburiy, va qonunga binoan, 12 yillik majburiy ta‘limni bitirmaguncha ishlash mumkin emas.

Undan tashqari, kollej diplomi, ayniqsa, o‘g‘il bolalar uchun juda zarur, chunki usiz ular harbiy xizmatga o‘ta olmaydilar, va harbiy xizmatsiz milisachilik yo boshqa istagan kasblarini egallay olmaydilar.

Bolalarni jurnalga "keldi" deb yozib, pulini olib qo‘yadigan kuratorlar talaygina. Lekin, ba‘zilarimiz shu bolalarning izidan tushib, ularni qulog‘idan tortib kollejga olib kelishga erinamiz, va bo‘sh partalar ham band deb qo‘shib yozib qo‘ya qolamiz.

G‘oyib bo‘lgan o‘quvchilarimni qidirib bozor ortidagi bir uyga bordim. Uyning oldida bir nuroniy chol supurgi sotib o‘tiradi. "G‘anijon paxtaga chiqishi kerak, G‘anijon qani?" desam, "G‘anijon bu yerda yotmaydi, paxtaga ham chiqmaydi, uning onasi prokuraturada ishlaydi, onasi bilan gaplashing" deb tahdidomuz gapirdilar. "Iltimos, G‘anijonga aytib qo‘ying kelganimni, paxtaga chiqishi shart," deb ketdim. Ertasi qaytib bordim, G‘anijondan hali ham darak yo‘q. "Ota, G‘anijonning onasi nima ish qiladi prokuraturada?" deb so‘rasam, ota "Pol artadi" deydilar...

Bu bolalarning izidan yurib oyog‘im og‘riydi. Oyoq og‘rig‘imga spravka olaman deb kecha poliklinikaga borsam, hammada qo‘rquv, vahima. Spravka berilmasmish hech kimga. Spravka berish jarayoni juda qattiqqo‘l nazorat ostida ekan. Do‘xtirlar ham qo‘rqib qolishgan.

Bugundan boshlab har kuni kechqurun 9da hokimiyatda majlis bo‘ladi. Paxta terimi qanday ketayotgani borasida hokim va prokurorga hamma hisobot berishi kerak bo‘ladi. Direktor va zavuchlar bilan biz ham qatnashamiz. Zavuchga mazam yo‘qligini aytsam, "Sizning shohingiz bormi? Hamma kasal. Baribir paxtaga chiqasiz", deb jerkib berdi.

Sizda ham paxta terimiga bog‘liq hikoyangiz bormi? Biz bilan o‘rtoqlashing.

Your contact details
Disclaimer