HRW: "Ovro‘po Ittifoqi Qirg‘izistonga bosim o‘tkazsin"

Image caption Azimjon Asqarov joriy paytda bir umrlik qamoq jazosini o‘tab keladi

Ittifoq rahbarlari prezident Almazbek Atambayevning Bryusselga safari chog‘ida Qirg‘izistondagi inson huquqlari buzilishi hollari yuzasidan jiddiy xavotirlarini bildirishlari va uning mavjud vaziyatni o‘nglashga oid xos va‘dasini qo‘lga kiritishlari lozim.

Qirg‘iziston rahbarining Bryusselga bugungi tashrifi arafasida "Human Rights Watch" va "Front Line Defenders" xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlari ana shunday bayonot bilan chiqishgan.

Ikkovlon Ovro‘po Ittifoqini, "yanglish qamalgan inson huquqlari faoli Azimjon Asqarovni zudlik bilan ozod etishi uchun prezident Almazbek Atambayevga bosim o‘tkazish"ga ham da‘vat etishgan.

Xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlari, "Qirg‘iziston rahbari mahkama zallaridagi zo‘ravonliklarga chek qo‘yish va nohukumat tashkilotlarining faoliyatlarini cheklovchi muammoli qonun loyihasini rad etishga va‘da berishi lozim"ligini ham urg‘ulashgan.

"Asqarovning ishi uch yil burun Qirg‘iziston janubida yuz bergan etnik zo‘ravonliklar ortidan kuzatilayotgan jiddiy adolatsizliklarning yaqqol timsoli bo‘lishi mumkin", - deydi "Human Rights Watch" tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Mihra Ritman.

"Ovro‘po Ittifoqi uzil-kesillik bilan mas‘ullarga ishni qayta ochib, ayblovlarni bir chetga surib qo‘yib, Asqarovning qiynoqlarga oid da‘volarini tekshirishga dav‘at etishi uchun Atambayevga bosim o‘tkazishi kerak".

Qirg‘iziston janubidan bo‘lgan taniqli inson huquqlari faoli Azimjon Asqarov o‘z faoliyati davomida politsiya xodimlari tomonidan yo‘l qo‘yilayotgan nomaqbul munosabatlar va qiynoq hollariga e‘tibor qaratib kelgan.

"U 2010 yilgi milliy nizolar bilan bog‘liq ayblovlar bilan o‘ta soxtalashtirilgan mahkama jarayoni ortidan hozirda bir umrlik qamoq jazosini o‘tab keladi. 62 yoshli Asqarov mahkama jarayonida o‘zining qiynoqqa solinganini asoslab bersa-da, mas‘ullar takroriy ravishda uning da‘volarini tekshirishdan bo‘yin tovlashdi. Qamoqxonada faolning sog‘lig‘i keskin yomonlashdi", - deyiladi bayonotda.

Qirg‘iziston Prezidenti Almazbek Atambayev Bryusselga ikki kunlik safari chog‘ida Tashqi ishlar vaziri Ketrin Eshton, Ovro‘po Parlamenti Prezidenti Joze Manuel Barozzo va Ovro‘po Kengashi rahbari Herman van Rompey kabi ittifoqning qator yuqori martabali mulozimlari bilan uchrashadi.

Etnik nizolar...

Image caption 2010 yil Qirg‘iziston janubida o‘zbeklar va qirg‘izlar orasida kelib chiqqan qonli milliy nizolar yuzlab kishilarning umrlariga zomin bo‘lgandi

Bayonotda xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlari e‘tibor qaratgan asosiy nuqtalardan biri esa, 2010 yilgi milliy nizolar yuzasidan olib borilayotgan tergov ishlari chog‘ida kenga tarqalgan qiynoq hollari va nomaqbul munosabatlardir.

"Human Rights Watch" va 2011 yil dekabr oyida Qirg‘izistonga safar qilgan Birlashgan Millatlarning Qiynoqlar bo‘yicha maxsus ma‘ruzachisi Xuan Mendez doxil qator tashkilotlar bu kabi zo‘ravonliklarni hujjatlashtirishgan.

Qirg‘izistonlik mas‘ullar esa, aksariyat hollarda qiynoqlarga oid jiddiy va ishonchli da‘volarni tekshirishdan bosh tortishgan.

Hozir 2010 yilgi milliy nizolarga aloqador sanoqli ishlargina mahkamalarda ko‘rib chiqilmoqda. Biroq, shunda ham, mahkama zallaridagi dushmanona muhit, himoyachilar va sudlanuvchilarga qarshi zo‘ravon hujumlar hanuz tinmagan.

Bu kabi muammolar va tartibbuzarlarning jazosiz qolayotgani etnik zo‘ravonliklarga bog‘liq ko‘plab mahkama jarayonlariga xalaqit qilgan.

"Qirg‘izistonlik mas‘ullar mahkama zallarida yuz berayotgan bunga o‘xshash hujumlarga ko‘z yumishni bas qilishlari, buning o‘rniga, ularga chek qo‘yish va javobgarlarni jazoga tortishlari lozim", deyiladi qo‘shma bayonotda.

Har ikki xalqaro inson huquqlarini saqlash tashkilotlarining birdek urg‘ulashlaricha, qirg‘izistonlik mas‘ullar qiynoqlarga oid har bir ishonchli da‘vo qonunbuzarlarning qilgan qilmishlariga javob berishlariga imkon berishi mumkin bo‘lgan darajada mukammal va xolis o‘rganilishini ta‘minlashlari shart.