"Mirjalol Qosimov iste‘fosi masalasida har taraflama qaror qabul qilindi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot voizi Sanjar Rizayevning aytishicha, "hamma narsa tarozida o‘lchanib, hozircha Mirjalol Qosimovning terma jamoada qolishi eng yaxshi va eng to‘g‘ri qaror ekani tushunib yetilgach, uning iste‘fosi qabul qilinmagan".

"Bu yerda, bilasizmi, ularga e‘tiroz bildirayotgan yoki omad tilayotgan ishqibozlarning gaplarini ko‘rib chiqib, inobatga olgan holda, tegishli mutasaddi shaxslar bilan bu qarorga kelindi", deydi Sanjar Rizayev BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida:

Uning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Prezidenti Mirabror Usmonov kuni-kecha milliy terma jamoa Bosh murabbiyning iste‘foga oid arizasini uning o‘zi bilan yuzma-yuz muloqoti chog‘ida muhokama qilgan va rad etgan.

Federatsiya vakili biz bilan suhbatida raddiya tafsilotlari sababi o‘ziga ma‘lum emasligi, bu - yuzma-yuz muloqot bo‘lgani bois, Bosh murabbiyning terma jamoada qolgan yoki qolmaganligiga oid xabar bilan cheklanishini bildirdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimov o‘tgan hafta Iordaniyaga qarshi Osiyo qit‘asi pley-off bosqich bellashuvlaridagi mag‘lubiyatlari ortidan Toshkentda bergan rasmiy matbuot anjumani chog‘ida "barcha aybni o‘z bo‘yniga olib, iste‘fo so‘rashi"ni bayon qilgandi.

"Jahon chempionatiga chiqishni istagan edik. Ammo vazifa bajarilmadi. Barcha aybni o‘z bo‘ynimga olgan holda iste‘fo so‘rayman. Jamoaga yangi qon kerak", deb aytgandi Mirjalol Qosimov.

Jamoa so‘nggi yutqizig‘i ortidan, jahon chempionatiga chiqishning so‘nggi imkoniyatini ham boy bergandi.

Bu haqda O‘zbekiston Futbol Uyushmasi rasmiy web sahifasida chop etilgan matbuot anjumani tafsilotlaridan ma‘lum bo‘lgandi.

Yangilik va munosabat

Image copyright uff.com
Image caption "Jahon chempionatiga chiqishni istagan edik. Ammo vazifa bajarilmadi. Barcha aybni o‘z bo‘ynimga olgan holda iste‘fo so‘rayman. Jamoaga yangi qon kerak", deb aytgan edi Mirjalol Qosimov

Milliy terma jamoa Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning iste‘foga oid arizasi O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi tomonidan rad etilganiga oid xabar kecha dushanba kuni mamlakatdagi qator futbolga ixtisoslashgan internet nashrlarida paydo bo‘lgandi.

web sahifalar ushbu xabarni tarqatisharkan, bu haqda "Bunyodkor" klubi matbuot xizmati xodimi Abror Imomxo‘jayev Twitterdagi sahifasida ma‘lum qilgan"ini aytib o‘tishgandi.

Mirjalol Qosimov milliy terma jamoa bilan hamohanglikda Toshkentning "Bunyodkor" jamoasiga ham Bosh murabbiylik qilib keladi.

web sahifalar Abror Imomxo‘jayevning Twitterdagi sahifasidan olinganini aytib, "O‘FF Prezidenti Mirabror Usmonov MTJ Bosh murabbiyi Mirjalol Qosimovning iste‘fosini qabul qilmadi va avvaldan belgilangan strategiya – milliy terma jamoa asosini Jahon chempionatida toblangan iqtidorli yoshlar bilan to‘ldirib borish vazifasini davom ettirishga chaqirdi", degan so‘zlarini iqtibos o‘laroq keltirishgandi.

So‘nggi yangilik ushbu internet nashrlari o‘quvchilari orasida turli munosabatlarga sabab bo‘lgan va bo‘lmoqda. Qoldirilgan izohlarning soni esa, bir necha yuzga yetgan.

Izohlarni o‘qir ekansiz, ularning aksariyatida, o‘quvchilarning "O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi o‘zlarining fikrlari bilan hisoblashmaganligi"dan norozilik ruhi yaqqol seziladi.

Deylik, stadion.uz internet nashrida qoldirilgan ana shunday izohlarning birida, "Endi futbolni unutib, boshqa bir sohaga qiziqamiz shekilli. Boshqa gapirishga gap qolmadi, 3 oydan beri, menimcha, aytilmagan gaplar qolmadiyov. Yaxshisi ham, yomonlari ham aytilib bo‘lindi", deyiladi.

BBC O‘zbek Xizmati bu kabi izohlarga O‘zbekiston Futbol Federatsiyasining munosabati qanday bo‘layotgani savoliga Sanjar Rizayev, "Bilasizmi, biz mag‘lubiyatdan keyin emotsiyalar yoki his-tuyg‘ular asiriga aylanib, odatda shunga o‘xshash gaplar ko‘payib ketadi. Lekin O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti alohida rahbarlar, tegishli mutasaddilar va daxldor shaxslar bilan maslahatlashgan holda mana shu qarorga kelgan", - deydi.

"Bu narsani qo‘llab-quvvatlayman. Chunki hozirgi vaziyatda Mirjalol Qosimovga ishonish - milliy terma jamoada u boshlagan ishni oxiriga yetkazishi uchun zamin yaratib beradi va bu eng to‘g‘ri qaror, deb bilaman".

Bosh murabbiy

Image caption Jamoa so‘nggi yutqizig‘i ortidan, jahon chempionatiga chiqishning so‘nggi imkoniyatini ham boy bergandi

Mirjalol Qosimov o‘tgan yil iyun oyidan buyon O‘zbekiston milliy terma jamoasiga boshchilik qilib keladi.

U milliy terma jamoa bilan birga Toshkentning "Bunyodkor" klubiga ham Bosh murabbiylik qilib keladi.

Jamoa shu yilning 15 oktyabr kuni Vetnamga qarshi 2015 yilgi Osiyo Kubogi guruh bosqich saralash uchrashuvlarining navbatdagisida maydonga tushishi kerak.

"E" guruhida navbatdagi Osiyo Kubogi final bosqich bellashuvlariga chiqish uchun kurash olib borayotgan O‘zbekiston joriy paytda 2 o‘yindan 1 ochko to‘plagan holda Birlashgan Arab Amirliklari va Gongkongdan keyin 3-o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekiston Qatarda bo‘lib o‘tgan so‘nggi 2011 yilgi Osiyo Kubogi bellashuvlarida tarixiy natija qayd etib, ilk bor turnirning yarim finaliga chiqqan.