UzWebiston: Maktab o‘quvchilari nima uchun obunaga majburlanmoqda?

Image caption Ommaviy pul yig‘ish madaniyatini viloyat hokimiyatlari majburan tadbiq etadi

O‘zbekistonda chop etiluvchi 12news.uz saytidagi maqolada yozilishicha, maktab o‘quvchilarga darsliklarini olishlari uchun gazetalarga obuna bo‘lishga majburlanmoqdalar.

Talabalar obuna bo‘lishi shart bo‘lgan gazetalar orasida "Xalq so‘zi" va "Narodnoye slovo" kabi hukumat nashrlari ham bor.

"O‘zbekistonda obuna kampaniyasi boshlandi. U ixtiyoriy-majburiy. Buni hamma biladi. Nevaram o‘qiydigan maktab hali ham o‘quvchilarni o‘quv darsliklari bilan ta‘minlamagan. Nima uchun? Ular avvaliga o‘quvchi obunaga 30 ming so‘m to‘lasin, va makalatura va metallolom olib kelsin, deb talab qilishayapti. Sakkizinchi sinfda o‘qiydigan nevaram bir necha kundirki obunaga 20 ming so‘m berishimizni so‘rab yalinayapti", - deb yozadi maqola muallifi.

Uning yozishicha, "avvaliga obuna, so‘ngra kitob" tamoyili asosida ishlayotgan muallimlar va ularning rahbariyati o‘quvchilar darsliksiz qanday ta‘lim olayotgani bilan qiziqmaydi. O‘quv yili boshlanganiga ikki hafta bo‘lganiga qaramay, darsliklardan darak yo‘q.

Muallif so‘ngra bu masalani muayyan ta‘lim mulozimlari bilan ko‘targanini aytadi. Uning aytishicha, ustivor masala ta‘lim jarayoni emas, balki mahalliy boshqaruv idoralarining pul yig‘ish borasidagi talablarini qondirishdir.

"Hozirda bizdan ta‘lim jarayoni qanday uyushtirilganini emas, balki obuna rejasi qanday bajarilayotganini so‘rashayapti", - deb aytgan bir litsey direktori.

Muallif nima uchun bitta ta‘lim muassasasiga 30ta "Xalq so‘zi" nusxasi, yoki 25ta "O‘zbekiston ovozi", yoki hatto beshta "Qishloq haqiqati" nusxasi kerakligini savol ostiga oladi. U, shuningdek, O‘zbekiston bo‘ylab har bitta maktab shunday yo‘l tutsa, bu milliardlab so‘mga teng foyda keltirishini aytib, bu pullar qayoqqa ketishini so‘raydi.

"O‘tgan yili viloyat gazetasining bosh muharriri nima uchun mening maqolam chop bo‘lishiga qarshi chiqqani ayon bo‘ldi. Mening "Xohishga qarshi kontsert" nomli maqolam maktab bolalarining o‘qishdan qolib kontsertlarga borishga va chipta uchun pul to‘lashga majburlanayotgani haqida edi. Bir xodimi nima uchun bunday yo‘l tutganini so‘raganda, gazetasi necha nusxa sotganini aytib maqtanadigan muharrir, maktablar eng katta obunachilar ekani va shuning uchun maktablar borasida hech qanday tanqidiy maqolani qabul qilmasligini aytgan", - deydi muallif.

Your contact details
Disclaimer