AQSh: Hujumchi sobiq askar bo‘lgan

Image copyright Reuters

Vashingtonda 12 odamni o‘ldirishi ortidan halok bo‘lgan qurolli shaxs sobiq askar ekani aniqlangan.

Texas shtatida tug‘ilgan 34 yoshli Aaron Aleksis Vashingtonning Nevi Yard hududida yuz bergan hujumi ortidan politsiya bilan yuzaga kelgan otishmada o‘ldirilgan.

Dushanba kuni mahalliy vaqt bilan 8:20da boshlangan hujumda sakkiz kishi jarohat olgan.

AQSh Prezidenti Barak Obama Oq Uy va Kapitol Xilldagi bayroqlar yarim tushirilishini buyurdi.

U "yana bitta ommaviy otish" tufayli motam tutayotganini aytib, "qo‘rqoqlarcha amal"ni qoraladi.

Kirish ruxsati

Hujumda yoshi 46dan 73gacha bo‘lgan 12 kishi nobud bo‘lgan. Hujumchi nima uchun bu ishga qo‘l urgani sabablari ayon emas.

Politsiya avvaliga yana ikki qurolli gumondorlar borasidagi xabarlarga binoan ish tutgan, biroq tintuvlar ortidan Vashington politsiyasi rahbari Kati Laniyer Aleksis yagona qurolli hujumchi bo‘lgani aniq ekanini bildirdi.

Guvohlar Aleksis AQSh poytaxtidagi qattiq qo‘riqlanuvchi xavfsizlik inshootining zalida odam tanlamasdan o‘t ochgani, va ayvondan turib pastdagi xodimlarni o‘qqa tutganini aytishdi.

U AR-15 avtomatik quroli, miltiq va politsiya zobitidan tortib olgan to‘pponcha bilan qurollangan bo‘lgani xabar qilinadi.

Image copyright FBI
Image caption Aaron Aleksis o‘tmishda ham qurollarga bog‘liq jinoyatlar uchun hibsga olingan

"U politsiya zobitlari bilan kelib chiqqan otishmada halok bo‘ldi. U otishda davom etishiga hech qanday shubha yo‘q edi", - deb aytdi Laniyer xonim.

Federal Qidiruv Byurosi xodimi Valeri Parleyv hujumchi AQSh dengiz kuchlarining ichki tarmog‘ida ishlayotgan shirkatning xodimi bo‘lgani va Vashington dengiz kuchlari inshootiga kirish ruxsatnomasiga ega bo‘lganini aytdi.

AQSh dengiz kuchlarining bildirishicha, Aleksis sobiqan uchinchi darajali zobit bo‘lgan va 2007-11 yillarda dengiz kuchlari rezervida xizmat qilgan.

U nima uchun armiyani tark etgani noma‘lum, biroq ismi-sharifi oshkor etilmagan harbiy zobitlarning AQSh matbuotiga bildirishlaricha, Aleksis o‘z xizmati davomida tartib-intizomni buzgani uchun tanbeh olgan.

Matbuot xabarlariga ko‘ra, Aleksis Buddizmni qabul qilgan va o‘tmishda qurollarga bog‘liq jinoyatlarda ikki marta ayblangan.

2004 yilda u Sietl shahrida quruvchining mashinasi g‘ildiraklariga o‘t ochgani uchun hibsga olingan.

2010 yilda u Fort Vorsdagi yashayotgan uyi tepasidagi xonadonga o‘q otishi ortidan so‘roq qilingan. U to‘satdan quroli otilib ketganini aytgan.

Dushanba kuni Vashingtonda yuz bergan hujumda halok bo‘lganlardan tashqari, bir politsiya zobiti oyog‘idan o‘q yegan, oddiy ayol fuqaro boshi va qo‘lidan o‘q yegan, va yana bir ayol yelkasidan yegan o‘q ortidan tibbiy muolaja olgan. Yana besh kishi jiddiy bo‘lmagan jarohatlar olishgan.

AQSh Senati binolari va yaqin oradagi oltita maktab vaqtincha yopib qo‘yilgan, Regan Milliy aeroportidagi parvozlar to‘xtatilgan.

Otishma Dengiz kuchlari uchun kemalar va suvosti kemalarni qurish va ta‘mirlash bilan shug‘ullanadigan Dengiz kuchlari qo‘mondonligi binosida yuz bergan.