Krasnodar: Muhojirlarni quvib chiqarishni kazaklar o‘z qo‘liga olgan

BBC o‘zbek xizmati bilan Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi Anapa shahridan o‘zbekistonlik mehnat muhojiri muloqotga chiqib, mahalliy kazaklar jamoasi ularni tazyiq ostiga olayotgani haqida aytdi. Ismini oshkor etmaslikni so‘ragan o‘zbekistonlikka ko‘ra, oxirgi oylarda kazaklar muttasil reydlar o‘tkazib, muhojirlarni yoppasiga tutib deportatsiya qilish harakatlarida ishtirok etmoqdalar.

Mahalliy matbuotda esa, "Kazaklarga rahmat, bizning sohillarmizni muhojirlardan tozalab berishdi" qabilida maqolalar paydo bo‘lgan.

Anapa tumani Kazaklar jamiyati drujinasi komandiri Vladimir Savinskiyning BBCga aytishicha, Krasnodar o‘lkasida hozirda politsiya va migratsiya xizmati xodimlari bilan birgalikda noqonunuiy muhojirlarni aniqlash bo‘yicha reydlar o‘tkazilmoqda. Ammo, unga ko‘ra, bu qonunga bo‘ysunilgan holda o‘tayapti.

"Reydlarni o‘tkazish vaqtida hech qanday qonunbuzarliklarga yo‘l qo‘yilmaydi. Noqonunuiy muhojirlar aniqlangan vaqtda tegishli migratsiya yo politsiya bo‘limiga yuborilib, tegishli ish ochiladi. Va agarda ular deportatsiya qilinishi kerak, degan xulosaga kelinsa, ish mahkamaga oshirilib, tegishli hum chiqariladi. Ana shu asnoda o‘tgan oyning o‘zida mahkama qaroriga asosan, qonuniy yo‘lda 36 kishiga yaqin muhojir deportatsiya qilindi", - deydi u.

Uning aytishicha, deportatsiya qilish qarori noqonunuiy asosda yashash, ro‘yxatdan o‘tmaganlik, Rossiya Federatsiyasi qonunlariga rioya qilmaslik yoki uni buzish kabi omillar asosida qabul qilinadi.

Kazaklar kuchaymoqda

Janob Savinskiyning "qonuniy" so‘zini qayta-qayta takrorlashiga qaramay, mintaqadan kelayotgan xabarlar vaziyatning aksini isbotlamoqda. Kazaklar drujinalari qurilishlarga kirib borib, muhojirlarni do‘pposlashi, ish joyidan haydab chiqarishi haqida xabarlar olinmoqda.

Biroq, suhbatdosh: "Aynan biz o‘tkazgan reydlar mobaynida bu kabi hodisalar yuz bermagan", - deb iddaolarni rad qildi. U, shuningdek, BBC tinglovchisining kazaklar muhojirlarga 1 oktyabrga qadar mintaqani tashlab chiqishga muxlat berganini "kulgili" deb atadi.

Ayni damda G‘arb biznes doiralarida nufuzli Financial Times ro‘znomasi yaqinda Rossiya kazaklari haqida maqola chop etgandi. Krasnodar mintaqasida kazaklar hayoti bilan tanishib qaytgan maqola muallifi ularning madaniyati qayta tiklanib, harbiy kuch va milliy g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi harakat sifatidagi mavqelari kuchayib borayotgani haqidagi xulosaga kelgan.

Bu esa millatchilik va ksenofobiya kuchayayotgan manzarada ro‘y bermoqda.

O‘tgan yili o‘zi ham kazaklardan bo‘lgan Krasnodar hokimi Aleksandr Tkachev mingga yaqin kazaklarga politsiya bilan birgalikda noqonunuiy muhojirlar, jinoyatchilik va spirtli ichimliklarga qarshi kurashda ishtirok etishlariga ruxsat bergan. Krasnodar Rossiya bo‘ylab bu kabi xizmat uchun kazaklarga haq to‘laydigan yagona viloyatdir.

"Hatto podvallar"ni bosib ketgan muhojirlar

Maqola muallifiga ko‘ra, Sochidagi Qishki Olimpiya O‘yinlari oldidan kazaklar yordamiga ayniqsa ko‘p ahamiyat berilmoqda. Ular hibsga olish huquqiga ega emaslar, ammo pnevmatik to‘pponcha va hipchin olib yurishlari mumkin, deyiladi maqolada.

Rossiya matbuoti ham Sochida kelgusi yil fevralida o‘tkazilajak Olimpiada o‘yinlaridan avval o‘yingohlar qurilishi tugaganidan so‘ng mintaqada qolayotgan muhojirlarni aniqlash uchun maxsus komissiya tuzilgani va bu komissiya a‘zolari deyarli uyma-uy yurib, mehnat muhojirlarini izlayotgani haqida xabar bermoqda.

Mintaqa rahbarlari bir necha marotaba qurilish ishlari tugaganidan so‘ng muhojirlar ortga qaytishlari kerakligini ta‘kidlashgan. Rossiya matbuoti Krasnodar hokimi Aleksandr Tkachevning yuz minglab muhojirlar bozor, qurilish, kvartira va hatto podvallarni bosib ketganligi haqidagi so‘zlarini keltirgan.

Krasnodardagi "Umid" o‘zbeklar jamiyati rahbari Tojiddin Nurmatovning tasdiqlashicha, Krasnodarda noqonunuiy muhojirlikka qarshi kurash ketmoqda. Uning aytishicha Olimpiada uchun solinayotgan inshootlar qurilishi va u qurilishda ishlash muhlati ham nihoyasiga yetay deb qoldi.

"Hozirda bu yerdan ketgan ma‘qul. Chunki qurilish ishlari tugayapti va ularga ish bergan tashkilot har qanday vaqtda bitimni buzishi mumkin. Olimpida yaqinlashib kelmoqda, hozir hamma e‘tibor va choralar shunga qaratilgan", - deydi u.

Janob Nurmatov muhojirlarni kazaklar do‘pposlagani holati ro‘y berganini tasdiqladi. Biroq, u kazaklar atamani bilan bu borada suhbatlashgani, va ataman mazkur do‘pposlash holi maishiy sabablar asosida kelib chiqqani, hamda aybdor kazaklar so‘ngra xipchin bilan savalash orqali jazolanganini bildirgan.

Your contact details
Disclaimer