Suriya kimyoviy qurolni isyonchilar ishlatganiga oid "ashyoviy dalil"ga ega

Image copyright RIA Novosti
Image caption Sergey Ryabkov chorshanbaga o‘tar kechasi Damashqda Suriya rasmiylari bilan uchrashgan

Rossiya tashqi ishlar vaziri muovini Sergey Ryabkovning aytishicha, Suriya hukumati Rossiyaga kimyoviy qurol isyonchilar tomonidan ishlatilganiga oid "ashyoviy dalil"ni taqdim etgan.

Bu haqda rossiyalik diplomat chorshanbaga o‘tar kechasi Damashqda Bashar al-Assad ma‘muriyati rasmiylari bilan o‘tkazgan muloqoti ortidan aytgan.

Damashqning Moskvaga qanday "ashyoviy dalil"ni bergani hozircha aniq emas.

Sergey Ryabkov ilova qilishicha, Suriya mojaroasida kimyoviy qurollarning ishlatilganiga oid BMT nozirlari hisoboti "siyosiy, noxolis va bir tomonlamadir".

Uning aytishicha, BMT nozirlari faqat 21 avgust kuni sodir etilgan hujum haqidagi dalillarni ko‘rib chiqqanlar, ammo unga qadar uch marta amalga oshirilgan kimyoviy hujumlarga e‘tibor bermaganlar.

BMT guruhi mazkur hujumda Sarin kimyoviy moddasi ishlatilganini e‘lon qilgan.

BMT hisobotida hujum kim tomonidan sodir etilgani haqida ma‘lumot berilmagan, lekin g‘arb davlatlari Suriya hukumat kuchlarini ayblaydi.

Biroq Kreml dastaklayotgan rasmiy Damashq muxolifat kuchlarini ayblash zarurligini aytadi.

Ayni damda qurol yaroqlar bo‘yicha BMT bosh noziri, Ake Sellstrom, BBC bilan suhbatda Suriyaning barcha kimyoviy qurollarini topish va yo‘q qilish qiyin bo‘lishi, ammo buning "imkoni bor"ligini aytdi.

Janob Sellstromning aytishicha, ko‘p narsa Suriya hukumati va muxolifatining muzokara qilish istagiga bog‘liq.

"Albatta, bu asablarni juda charchatadigan ish bo‘ladi", - deya ilova qildi u.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun 21 avgust kuni Damashq yaqinida kimyoviy qurolning ishlatilishini "harbiy jinoyat", deb atagan.

BMT nozirlari hujum joyida topilgan raketa qoldiqlari, insonlar qoni, siydigi, sochi namunalarini tekshirib chiqqanlar.

Pan Gi Mun so‘zlariga ko‘ra, insonlar qonidan olingan namunalarning 85% zarin moddasi topilgan.

Pan Gi Munning ilova qilishicha, nozirlar qurbonlarning aniq sonini aniqlay olmaganlar.

BMT ma‘lumotiga ko‘ra, 2011 yilda Assadga qarshi qurolli isyon boshlanganidan buyon Suriyada 100 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan.

Millionlab suriyaliklar mamlakatni tark etganlar, yana millionlab inson boshpanasiz qolgan.