UzWebistion: Ishqibozlar Mirjalol Qosimovning iste‘fo arizasiga qanday munosabat bildirishdi?

Image caption O‘zbekiston jamoasidan hafsalasi pir bo‘lgan ishqibozlar internetda qizg‘in bahslar olib borishayapti

O‘zbekiston Milliy terma jamoasi bosh murabbiysi Mirjalol Qosimovning iste‘fosi federatsiya prezidenti tomonidan qabul qilinmasligi keskin munosabatlarga sabab bo‘lgan. 10 sentyabr kuni O‘zbekiston Iordaniya bilan o‘yinda penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berdi va Jahon Chempionati saralashi pley off bahslaridan chiqib ketdi. O‘yindan keyingi matbuot anjumanida Mirjalol Qosimov mag‘lubiyatdagi barcha aybni o‘z zimmasiga olgan va iste‘fo berishini ma‘lum qilgandi.

O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Mirabror Usmonov oradan bir hafta o‘tib Qosimovning iste‘fosini qabul qilmaganini bildirdi.

Federatsiya rasmiy saytida ushbu qarorga biror izoh berilmagan. Mirjalol Qosimovning ham endi qanday yo‘l tutishi hozircha noma‘lum.

Qosimov iste‘fosining qabul qilinmagani internet olamida keskin muhokamalarga sabab bo‘lgan:

Rashid Usmonov: "Mirjolol qirq yil murabbiylik qilsin, baribir jahon chempionati orzuligicha qolib ketaveradi:)", - deydi.

"G‘adir-budir gaplar" nomi ostidagi foydalanuvchining Qosimovni yana bir bor ariza yozishga undovchi hazilomuz gapi esa hozircha eng ko‘p retvit olgan, ya‘ni boshqalar bilan baham ko‘rilgan. ‏

"Qosimov umidsizlikka tushmasligi lozim. Arizani yana bir bor yozib kurishi kerak, imloviy xatosiz. Qog‘ozning tagiga zebra quyib yozsa tekis chiqadi".

Xumoyun Nig‘matov: "Qosimovning milliy terma jamoani boshqarishga qobiliyati yo‘q. Nima uchun uni ushlab turishimiz kerak", - deya savol beradi.

Ayrim izoh qoldiruvchilar futbol mutasaddilarini muxlislarga hisob bermaslikda ayblaydi.

"Stadionga muxlislar kelmaydi, deysizlar. Ochiqchasiga lox qivotsilar, kerakmas bunaqa terma jamoa. O‘zi nima qivotti, muxlislarga hisob bermasa. Kimga keragi bor futbolni? Muxlislar nega jimsilar", - deydi Sherlok

"Ha mayli kuzataylikchi yana nimalar bo‘lar ekan. Baqir-chaqir qilganimiz bilan biz bilan kimni ishi bor. Muxlislarga O‘FF shu vaqtgacha xisobot bermagan, bermasa xam kerak", - deydi Ajuzbek.

Qosimovning yonini oluvchi yakkam-dukkam izohlar ham chiqib qoladi.

"Qosimov gap so‘zlarga e‘tibor bermasdan ishni boshlang! Mevali daraxtga har doim tosh otilib kelingan, bundan keyin xam otiladi. Umuman Vatan yo‘lida orqaga chekinmang! Fakat oldinga yuring", - deya dalda beradi Ilhom.

Bunga javob bergan Zakirinesta murabbiy Qosimovni mevali daraxt deyishdan uyalish kerakligini aytadi.

"Nimaaa, meva? Birodar, mevali deyishga uyaling. Agar mevali bo‘lganida hozir shu holatda o‘tirgan bo‘lmasdik. Shu paytgacha terak ham meva bervorardi".

Jurnalist Bobur Akmalov stadion.uz saytidagi blogida ommaviy axborot vositalarida bosh murabbiydan boshqa hamma aybdor qilinayotganiga e‘tibor qaratadi.

"E‘tibor beryapsizmi, muvaffaqiyatsizliklarda bosh murabbiydan bo‘lak hamma aybdor qilinyapti. Yer kurrasi, zaminu falak, hayvonotu nabobot, qorayu jigarrang, muslimu yahud aybdor, ammo zinhor bosh murabbiy emas. Nega? Biror marta murabbiyning ham aybi bor, degan gapni eshitmadim o‘sha TVdagi ko‘rsatuvlarda javlon urayotgan kishilardan. G‘alati emasmi", - deydi Bobur Akmalov

Bundan oldinroq jurnalist Bobomurod Abdulla muvafaqqiyatsizliklarga terma jamoa o‘yinchilarining sabotaji sabab bo‘lganini, Qosimov ushbu fitnaning qurboni bo‘lganini yozib chiqqan edi.

Jurnalist Olimxo‘ja Bo‘ronov Twitterdagi akkauntida bosh murabbiy masalasi O‘FFning yangi prezidenti ixtiyorida qolganini yozadi.

"Aytganimdek, MTJ bosh murabbiyi masalasini O‘FFning yangi rahbari ixtiyorida qoldi", - deydi Bo‘ronov.

Shu yilning dekabr oyida O‘FF prezidentligiga saylov bo‘lib o‘tishi kerak.