Afg‘on siyosatchisi Tolibon safiga qo‘shildi

Image copyright none

Afg‘oniston rasmiylarining BBCga aytishlaricha, sobiq senator va Saripul viloyatidagi tuman hokimlaridan biri Tolibon safiga qo‘shilgan.

Qozi Abdul Hay 2004 va 2008 yillarda senator sifatida faoliyat olib borgan, keyinroq esa, Saripuldagi ulusvorliklardan biriga hokim qilib tayinlangandi.

Muxbirlarga ko‘ra, u hozirgacha Tolibon safiga qo‘shilgan eng yuqori martabali rasmiydir.

Hodisa xorijiy kuchlar 2014 yil Afg‘onistonni tark etishga hozirlanayotgan va mamlakatda prezidentlik saylovlari rejalangan bir paytda kuzatilmoqda.

Hay janoblari Tolibon safiga seshanba kuni o‘zining ikki tan qo‘riqchisi bilan birga qo‘shilgan.

Rasmiylar bu qarorga uni nima undagani qorong‘u ekanini aytishgan va ushbu amalning ta‘sirini pasaytirib ko‘rsatishga urinishgan.

"Uning ketishi tuman aholisiga hech qanday ta‘sir ko‘rsatmaydi, chunki u juda katta ta‘sirga ega shaxs emas edi", deb aytgan Saripul hokimi o‘rinbosari Abdul G‘ofur Dastyor BBCning Kobuldagi muxbiriga.

Uning qo‘shimcha qilishicha, janob Qozi Abdul Hay Afg‘onistonni Pokiston chegarasi orqali tark etganiga ishoniladi.

Tolibon ushbu hodisani o‘z yutug‘i sifatida olqishlagan.

Qozi Abdul Hay Tolibon websahifasida paydo bo‘lgan videoyozuvda o‘zini sobiq mujohid deya ta‘riflagan va Kobulda o‘tkazgan 4 yili davomida, o‘zining ta‘biricha, "hukumatning axloqsiz basharasini" ko‘rgan.

Muxbirlarga ko‘ra, toliblar ushbu videoyozuvdan o‘z targ‘ibotlarini kuchaytirish imkoniyati sifatida foydalanishmoqda.

Saripul Afg‘oniston shimolida joylashgan tog‘li mintaqa.

Bir necha yillardan beri viloyat u qadar ko‘p Tolibon zo‘ravonliklariga sahna bo‘lgani yo‘q.

Ammo, yaqin yillarda jangarilar shimoliy hududlardagi faoliyatlarini kuchaytirishgan.

O‘tgan yil g‘arbiy Farah viloyatidan bir politsiya qo‘mondoni va 13 zobiti Tolibon tomonga o‘tgandi.

Bundan oldin Helmandda 11 politsiya xodimi toliblar safiga qo‘shilgani xabar qilingandi.