Rossiya harbiy bazasi Tojikistonda qolishiga oid shartnoma ratifikatsiya qilinadi

Image copyright none
Image caption Rahbarlar bitimni qariyb bir yil oldin imzolashgandi

Prezident Imomali Rahmon Rossiya harbiy bazasini mamlakat hududida 2042 yilgacha qolishiga oid kelishuvni tasdiqdan o‘tkazish uchun parlamentga taqdim etgan.

Mazkur bitim 2012 yil 5 oktyabrida Prezident Vladimir Putinning Dushanbega safari chog‘i imzolangan.

Rossiya davlat Dumasi uni qariyb yarim yil oldin ratifikatsiya qilgandi.

Tojikiston va Rossiya rahbarlari kelishuvni izohlab, ikki davlat orasidagi harbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish va mintaqadagi xavfsizlikni ta‘minlashda muhim rol o‘ynashini ta‘kidlab o‘tishgandi.

Rossiya harbiy bazasining Tojikiston hududida turishi evaziga mamlakat armiyasini modernizatsiyalashtirish hamda qurol-yarog‘ bilan ta‘minlashga va‘da bergan.

Tojikistondagi 201-harbiy baza Rossiyaning xorij o‘lkalardagi eng yirik bazasi hisoblanadi.

Bu bazada 7 mingga yaqin harbiy xizmat qiladi.

Bahsu munozaralar

Tahlilchilar Rossiya harbiy bazasining Tojikistonda qolishi mamlakat iqtisodiy manfaatlariga xizmat qilmasligiga urg‘u berishadi.

Chunki, Rossiya Tojikistondagi harbiy bazasi uchun haq to‘lamaslik, buning ustiga, o‘z harbiylari daxlsizlik maqomiga ega bo‘lishlari borasidagi shartlarni qo‘ygan.

Mazkur shartlar esa, qariyb ikki yil davomida matbuot va rasmiy doiralarida bahsu munozaralarga sabab bo‘lgandi.

Oldiniga rasmiy Dushanbe Rossiya harbiy bazasining mamlakatda qolishi o‘z manfaatlariga xizmat qilishi kerakligi haqida aytgan.

Va Tojikiston hukumati Rossiyadan 20ga yaqin talabni ijro etishni so‘ragan. Tojikistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyadagi vaziyatini yaxshilash, Tojikistonga yuborilayotgan yoqilg‘i uchun bojxona tariflarini bekor qilish va sarmoya kiritish shular jumlasidan edi.

Rossiya matbuotida Tojikiston hukumati bazaning qolish muddatini faqat 10 yilga cho‘zdirishni istayotgani va yiliga 250 million AQSh dollari talab qilayotgani haqidagi farazlar ham ilgari surilgandi.

Dushanbedagi muxbirimiz Mardoni Muhammadga ko‘ra esa, hozir parlamentga yo‘llangan shartnomada Rossiya qo‘ygan shartlar saqlanib qolgan.

"Ammo, Rossiya tomoni kelasi yil Afg‘onistondan NATO kuchlarining chiqib ketishi mintaqa xavfsizligiga salbiy ta‘sir qilishi mumkinligini aytarkan, Tojikiston xavfsizligiga tahdid yuzaga kelsa va hatto, ichki nizolar kelib chiqqan taqdirda ham harbiy tomondan yordam ko‘rsatilishiga ham va‘da bergan", deydi muxbirimiz.

Bundan tashqari, Rossiya o‘z hududidagi tojik muhojirlari ahvoli yaxshilash va ularga bir qator imtiyozlar berish borasida ham bitim imzolagan.

"Shu bilan birga, - deydi muxbirimiz, - Rossiya Tojikistonga yiliga 1 million tonnalik neft mahsulotlarini bojxona to‘lovlarisiz, ichki narxda yetkazishi borasida ham kelishuvga qo‘l qo‘ygan".

Nima uchun hozir?

Tojikiston hukumati Rossiya bilan imzolangan shartnomani ratifikatsiya qilish borasidagi qarorini parlament faoliyati oktyabr oyidan qayta boshlanishi munosabati bilan izohlagan.

Ammo, kuzatuvchilar va tahlilchilar mazkur qadam Tojikiston prezidentlik saylovlari oldi qo‘yilayotganiga e‘tibor qaratishgan va shu yo‘l bilan Imomali Rahmon Rossiya dastagini qo‘lga kiritishga urinayotganini aytishgan.

"Ma‘lumki, Tojikistonda Rossiyaning ta‘siri juda kuchli. 1 milliondan ortiq tojik muhojirlari Rossiyada ishlab kelishadi. Shu bois, sharhlovchilarga ko‘ra, agar Rossiya qarshi bo‘lsa, Imomali Rahmonning prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishi mushkulroq kechishi mumkin", deydi Dushanbedagi muxbirimiz.