Afg‘oniston shimolidagi pistirmada 18 politsiyachi o‘ldirilgan

Image caption Ichki ishlar vazirligiga ko‘ra, politsiyachilar karvoni Vardujdagi tozalash amaliyotidan qaytayotgan bo‘lganlar

Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligidan xabar qilishlaricha, mamlakat shimolidagi Badaxshon viloyatining Varduj tumanida Tolibon pistirma uyushtirib, 18 politsiyachini o‘ldirgan, 13 nafarini jarohatlagan.

Vazirlikdan aytishlaricha, politsiya xodimlari aksilterror amaliyotlarini o‘tkazib viloyat markazi Fayzobodga qaytayotgan bo‘lganlar.

"Vazir vazifasini bajaruvchi Badaxshondagi Vaduj tumanidagi terrorchilik xurujida 18 politsiya xodimining o‘limi va yana 13 politsiya xodimining yaralanganidan chuqur qayg‘uga tushdi. Afg‘on politsiya kuchlarining guruhi Varduj tumani chetidagi tozalash amaliyotidan qaytayotgan paytlarida dushman pistirmasiga duch kelgan va oqibatda jasur Afg‘on politsiyachilari halok bo‘lganlar", deyiladi Afg‘oniston Ichki ishlar vazirligi tarqatgan bayonotda.

Vazirlikka ko‘ra, Vardujdagi amaliyotda 47 isyonchi o‘ldirilgan, 20 tasini yaralangan.

So‘nggi hujum uchun mas‘uliyatni Tolibon zimmasiga olgan.

Afg‘oniston shimoli-sharqida joylashgan tog‘li Varduj tumanining aksar aholisini tojiklar, 10 foizini o‘zbeklar tashkil qiladi.

Bu tuman nisbatan tinch hudud bo‘lib kelgan.

Ammo shu yil martida 17 Afg‘on armiyasi askari garovga olingan edi.

Badaxshon viloyati Pomir va Hindikush tog‘ tizmalarida joylashgan.

BBC muxbiri Bilol Sarvariy aytishicha, bu joylar isyonchilarning pistirmadan hujum qilib yashirinishlari uchun juda qulay joylardir.

Tolibon Vardujda o‘ldirilgan politsiyachilar qurol-yarog‘ini qo‘lga kiritganlarini, halok bo‘lgan politsiyachilarning jasadlarini mahalliy oqsoqollarga topshirgani haqida ma‘lum qilgan.

Ushbu hujum Afg‘onistonni xorijiy qo‘shinlar tark etganidan keyin mamlakatning o‘z xavfsizlik kuchlari tinchlik-barqarorlikni qanchalar saqlay olishlari borasidagi xavotirlarni yanada kuchaytirgan.

Hozirgi paytda mamlakatda 87 ming xalqaro harbiy koalitsiya askarlari joylashtirilgan.

Ularni Afg‘onistondan olib chiqib ketish yili qilib 2014 yil belgilangan.

Mamlakatning o‘zining hozirgi paytda 350 ming kishilik xavfsizlik kuchlari mavjudligi aytiladi.

Har oy Afg‘on xavfsizlik kuchlari va politsiyasi xodimlariga qarshi Tolibon jangarilari hujumlar uyushtiradi.

Muxbirlarga ko‘ra, Afg‘on hukumati o‘z talofotlari haqidagi ma‘lumotni oshkor etishni istamaydi.

Lekin AQSh mudofaa vazirligiga ko‘ra, har oyda 400 tacha Afg‘on politsiyachisi va askari halok bo‘ladi.

O‘tgan oy yuzlab Tolibon isyonchilari mamlakat sharqidagi Nangarxor viloyatida politsiya va armiya karvoniga pistirmadan hujum qilgan, oqibatda 22 politsiyachi halok bo‘lgan edi.