London ajoyibotlari: Maykl Jekson haykali qayerda turishi kerak?

Image copyright bb

Dunyoga mashhur xonanda Maykl Jekson (Michael Jackson) haykali atrofidagi mashmasha jiddiy tus olgan.

Londondagi "Fulham" futbol klubi o‘zining "Kreyven Kottedj" (Craven Cottage) stadioni tashqarisida o‘rnatilgan Maykl Jekson haykalini klubning sobiq egasi Mohamed Al Fayedning o‘ziga qaytarib berishga qaror qilgan.

Maykl Jekson xotirasiga haykal 2011 yilda o‘rnatilgan, biroq hamma ishqibozlar ham o‘zlarining sevimli futbol klubi stadionining tashqarisida mashhur pop-yulduz haykali turishini yoqtirganlari yo‘q.

Mohamed Al Fayedning aytishicha, Maykl Jekson "Fulham"ning ishqibozi bo‘lgan.

Marhum qo‘shiqchi 1999 yilda Londonga kelganida "Kreyven Kottedj" stadioniga borgan va futbol o‘yinini tomosha qilgan edi.

O‘shanda Angliya futbol ligasining ikkinchi divizionida to‘p surayotgan "Fulham" o‘sha kuni "Wigan" jamoasi ustidan 2:0 hisobida g‘alaba qozongan.

Shu yilning iyulida Mohamed Al Fayed "Fulham"ni amerikalik milliarder Shohid Xonga 240 million dollarga sotdi.

Mana endi "Fulham"ning yangi rahbariyati e‘lon qilishicha, stadion tashqarisida turgan Maykl Jeksonning haykali stadionning yangi qiyofasiga mos kelmayapti.

"Haykal stadionning daryo sohili tarafini qayta qurish ishlariga mos kelmayapti va sobiq raisga qaytariladi", deb aytgan "Fulham" vakili.

84 yoshli asli kelib chiqishi misrlik korchalon Mohamed Al Fayed Britaniyaning boy odamlaridan biri bo‘lib kelgan.

Uning 2012 yildagi boyligi 1 milliard 300 million dollarni tashkil etgani xabar qilingan.

Mohamed Al Fayed mashhur Harrods savdo tarmog‘ining sohibi bo‘lgan.

Biroq so‘nggi yillarda moliyaviy mushkulliklar sabab Harrodsni sotishga qaror qilgani aytilgan.

Janob Fayed Maykl Jeksonni o‘zining yaqin do‘sti deb bilgan va Jekson 2009 yilda vafot etganidan keyin uning xotirasiga haykal yasashga buyurtma berib, bu haykalni Londondagi Harrods do‘konlaridan birining tashqarisiga o‘rnatishni istagan.

Biroq 2010 yilda Harrodsni boshqa puldorga sotganidan keyin Maykl Jeksonning haykalini "Kreyven Kottedj" stadioni tashqarisiga o‘rnatishga qaror qilgan.

Ayrim ishqibozlar bunga norozilik bildirishgan, ammo janob Fayed bunday ishqibozlar "yo‘q bo‘lsin", deb aytgan.

Haykalni ochish marosimida gapirgan janob Fayed Maykl Jekson haqiqiy afsona edi, deb aytgan.

"Bugungi zamonda mashhur kishilarni ko‘pincha afsona deb atashadi. Maykl Jekson haqiqatan afsona edi. U mening do‘stim, menda uning bilan ko‘plab baxtli xotiralar qolgan. U fojeali va bevaqt vafot etdi", deb aytgan Mohamed Al Fayed.