Bo Silayga umrbod qamoq jazosi berildi

Image copyright JINAN INTERMEDIATE COURT
Image caption Chunjinning sobiq rahbari hukmni vazminlik bilan eshitgan

Xitoydagi mahkama mamlakatning eng qudratli va mashhur siyosatchilaridan bo‘lgan Chuntsin shahri kompartiyasi sobiq rahbari Bo Silayga bir umrlik qamoq jazosini tayinlagan.

Jinane mahkamasi pora olish, korruptsiya va xizmat vazifasini suiste‘mol qilganlikda ayblangan Bo Silayni himoya qiladigan ko‘rsatmalarni rad qilib, barcha bandlar bo‘yicha aybdor deb topgan.

Hakamning keltirishicha, Bo Silayning Xitoy xalqi va milliy manfaatlarga yetkazgan zarari 20 mln yuan(3,2 mln dollar)ni tashkil qiladi.

Bir paytlar qudratli siyosatchi o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmagani bois, prokurorlar unga nisbatan ayblovni yengillatish qo‘llanilmasligini so‘rashgan.

Qonunga binoan Bo Silay o‘n kun ichida hukmga qarshi norozilik arizasi bilan murojaat qilish huquqiga ega.

Biroq kuzatuvchilarning fikricha, buning hech bir ijobiy ta‘siri bo‘lmasligi aniqroqdir.

Sobiq partiya rahbari mahkamaga qo‘llari kishanlangan holda olib kelingan va shu holda hukmni eshitgan.

Hukm o‘qilgan payt janob Silayning bosiqligi, hatto biroz jilmaygani ko‘ringan.

Siyosiy inqiroz

Bo Silayning xotini Gu Kaylay o‘tgan yili avgust oyida britaniyalik biznes sherigini o‘ldirishda aybdor deb topilib, ikki yillik tanaffus bilan o‘lim jazosiga hukm qilingan edi.

Xuddi shu narsa janob Boning siyosiy inqiroziga yetaklaganiga ishoniladi.

Shundan so‘ng Bo Silay ham Kompartiya safidan o‘chirilib, lavozimidan chetlatildi.

Bundan oldingi mahkama eshituvlarida Bo Silay xatolar qilganini aytgan, lekin o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni rad etgan.

Image copyright AFP

Bo Silay ustidan o‘tgan mahkama jarayoni Xitoyda hammaning diqqat-markazida bo‘lib turdi.

Mahkama xavfsizlik choralari kuchaytirilgan sharoitda o‘tgan. Xorij jurnalistlari ichkariga qo‘yilmagan.

Mahkamada berilgan ko‘rsatmalar xitoy tilida internetda e‘lon qilib borilgan.

Bo Silay ishi oxirgi besh kunda ko‘rib chiqilib, qaror berilgan.

Chuntsinning sobiq rahbari qudratli, xalqning muhabbatini qozongan siyosatchi hurmatiga ega bo‘lgani aytiladi.

U ayniqsa, jinoyatchilikka qarshi kurash kampaniyasi va eski kommunistik qadriyatlarni quvvatlagani bilan omma orasida yanada taniladi.

Shu bilan birga bu harakatlar uning dushmanlari ortishiga ham sabab bo‘ladi va siyosiy elitada istalmagan shaxsga aylantirdi.

Bo Silay Xitoyda eng muhim qarorlarni qabul qiluvchi Kommunistik Partiya siyosiy byurosidagi yetti a‘zodan biri bo‘lishi kutilgandi.

Biroq unga qarshi ochilgan ish Xitoydagi eng yuqori doiralardagi poraxo‘rlikni oshkor qilishi bilan birga, Kommunistik partiya safidagi eng inqirozli voqealardan biri bo‘lgani ta‘kidlanadi.