O‘zbek askarlari Xitoyda harbiy tayyorgargarlikdan o‘tadimi?

Image copyright AP

Xitoy ommaviy axborot vositalarining xabar tarqatishicha, O‘zbekiston bilan Xitoy Mudofaa vazirlarining Pekindagi uchrashuvida ikki mamlakat harbiy hamkorligini yanada kuchaytirishga kelishib olingan.

O‘zbekiston Mudofaa vaziri Qobil Berdiyev bilan Xitoy Mudofaa vaziri va Xitoy Davlat kengashi a‘zosi Chan Vantsyuan uchrashganlar.

Xitoy matbuotining janob Chandan iqtibos keltirishicha, O‘zbekiston Xitoyning do‘st qo‘shnisi va strategik sherigidir.

"Xitoy ikki mamlakat qurolli kuchlari o‘rtasidagi pragmatik hamkorlikni yuksak qadrlaydi", deb aytgan Mudofaa vaziri Chan Vantsyuan.

Ma‘lumki, 8-, 9- va 10-sentyabr kunlari Xitoy Prezidenti Shi Jinping O‘zbekistonda bo‘lgan, ikki mamlakat o‘rtasida o‘nlab yangi shartnomalar imzolangan.

Xususan, umumiy qiymati 15 milliard dollarga baholangan 31 bitim imzolangani xabar qilingan.

Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi kelishuvlar orasida harbiy hamkorlikka oid hujjat ham bo‘lgan.

Pekinda Mudofaa vaziri Chan Vantsyuan eslatishicha, Prezident Shi Jinping bilan Prezident Islom Karimov Xitoy va O‘zbekiston armiyalari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishni yanada yangi bosqichga ko‘tarishga kelishganlar.

"Xitoy tomoni ushbu kelishuvni hayotga tatbiq etishga tayyor", deb aytgan janob Chan.

Ikki mamlakat harbiy idoralari rahbarlarining muzokarasida aytilishicha, Xitoy tomoni O‘zbek tomoni bilan hamkorlikni qator sohalarda yanada kengaytirishni istaydi.

Bularga yuqori maqomdagi harbiy zobitlarning borib kelishlari, harbiy tayyorgarlikdan o‘tkazish, O‘zbekiston va Xitoy harbiylari ishtirokida qo‘shma harbiy mashqlarni tashkil qilish va boshqa yo‘nalishlardagi hamkorliklar kiradi.

Xitoy matbuoti xabar qilishicha, O‘zbekiston Mudofaa vaziri Qobil Berdiyev ikki mamlakat harbiylari hamkorligi yo‘lida erishilgan yutuqlarni yuksak baholagan.

O‘zbek tarafi Xitoyning O‘zbekistonga ko‘rsatayotgan ko‘magini qadrlashi va ikki mamlakat qurolli kuchlari hamkorligidan tobora ko‘p natija kutib qolishini bildirgan O‘zbekiston Mudofaa vaziri Qobil Berdiyev.