Merkel xonim Olmoniyani uchinchi muddat boshqaradi

Image copyright AFP
Image caption So‘nggi saylovdagi g‘alaba Merkel xonimni dunyodagi bu og‘ir davrdan "omon-eson o‘tib olgan" yagona mamlakat rahbariga aylantirdi

Olmoniya federal kantsleri Angela Merkel yetakchilik qiladigan Nasroniy-Demokratik Ittifoq parlament saylovlarida qariyb 42 foiz ovoz to‘pladi.

Nasroniy-Demokratik Ittifoqning shu paytgacha Olmoniya koalitsion hukumatidagi ittifoqchisi "Erkin Demokratlar" 5 foizlik to‘siqdan o‘tolmadilar.

Shundan keyin "Erkin Demokratlar" partiyasi rahbari Filipp Rosler iste‘foga chiqishini e‘lon qilgan.

Nasroniy-Demokratik Ittifoq va "Erkin Demokratlar" partiyasi 2009 yildan 2013 yilgacha Olmoniyani boshqardi.

Biroq 22 sentyabr kuni Olmoniya bundestagi vakillari saylovida "Erkin Demokratlar" 4,8 foiz ovoz yiqqan.

Endi Merkel xonim saylovlarda ko‘p ovoz to‘plagan raqiblari bilan koalitsiya barpo etish yuzasidan muzokaralarni boshlashi zarur bo‘ladi.

Muxolifatdagi Sotsial-Demokratik partiya qariyb 26 foiz ovoz to‘plashga muvaffaq bo‘ldi.

Lekin Angela Merkel Sotsial-Demokratik partiya bilan koalitsiya tashkil etish borasidagi masalaga munosabat bildirarkan, "biz endi nima qilishimz haqida gapirishga juda erta", deb aytdi.

Tahlilchilarga ko‘ra, sotsial-demokratlar Nasroniy-demokratlar bilan koalitsiya barpo etishga rozilik berishlari mumkin.

Muxbirlarga ko‘ra, Merkel xonim yetakchiligidagi partiyaning bunchalik ko‘p ovoz to‘plashi ko‘pchilik uchun kutilmagan bo‘lgan.

Olmoniya saylovlarida 30 dan ortiq partiya ishtirok etdi.

Bu galgi saylovlarda Olmonining Yevro pul birligi hududidan chiqib ketishi g‘oyasini ilgari surgan "Olmoniya uchun muqobil" deb nomlangan yangi partiya ham ishtirok etdi va bu partiyaning ham 5 foizlik to‘siqdan oshib o‘tishi bashorat qilingan edi.

Lekin "Olmoniya uchun muqobil" jami 4,7 foiz ovoz olishga muvaffaq bo‘lgan.

Muxbirlarga ko‘ra, kantsler sifatidagi sakkiz yillik faoliyat mobaynida Angela Merkel Olmoniyaning global moliyaviy inqirozdan hamda Yevro zonasini parchalanib ketishdan saqlab qolishning uddasidan chiqdi.

So‘nggi saylovdagi g‘alaba Merkel xonimni dunyodagi bu og‘ir davrdan "omon-eson o‘tib olgan" yagona mamlakat rahbariga aylantirdi.

Ikkinchi Jahon Urushidan keyin Olmoniyada faqat Konrad Adenauer va Helmut Kol uch marta kantsler bo‘ylib saylanishga muvaffaq bo‘lgan edilar.