Keniyada garovga olinganlarni qutqarish davom etmoqda

  • 23 Сентябр 2013
Image copyright AP

Hozirgacha olingan ma‘lumotlarga binoan, Keniyadagi savdo markazida shanba kundan buyon 69 kishi o‘ldirilgan, 170 dan ortig‘i jarohatlangan.

10 dan 15 gacha hujumchilar Westgate majmuasining ichida qolmoqda.

Uch kundan buyon davom etayotgan amaliyotlarda mingdan ortiq kishi ozod qilingan.

Ichki Xavfsizlik vaziri Jozef Ole Lenkuning bildirishicha, xavfsizlik kuchlari tobora ichkariga qarab bormoqda. Lekin binoda taxminan 15 tacha jangari va garovdagilar borligi vaziyat nozikligini anglatadi.

Voqeani kuzatayotgan muxbirlarga ko‘ra, kuchli otishma va portlash ovozlari eshitilgan, o‘q ovozlari hali ham tingani yo‘q.

Jangarilar ushlab turgan garovdagilarning ko‘pi ozod qilindi, deb aytgan Keniya qurolli kuchlari matbuot voizi, polkovnik Sayrus Oguna BBCga.

Muxbirlarning aytishicha, vaziyat beqaror, tikucharlar savdo markazi ustida uchib yuribdi.

Hukumat savdo markazining katta qismi xavfsizlik kuchlari nazoratiga o‘tganini aytmoqda.

Shu bilan birga bino Keniya kuchlari bilan o‘rab olingan. Atrofda og‘ir texnikalar shay qilib qo‘yilgani xabar qilinadi.

Shanba kungi hujumdan so‘ng Somalining Ash-Shabab guruhi hujum uchun mas‘uliyatni o‘z zimmasiga olib, u Keniya armiyasining Somalidagi harakatlari uchun javob ekanligini aytgandi.

Westgate Keniyaning yirik savdo markazi bo‘lib, bu yerga ko‘proq xorijliklar, badavlat keniyaliklar tashrif buyurishgan.

Savdo majmuasining isroillik tadbirkorlarga tegishliligi uning terroristik hujumlarga nishon qilishi mumkinligi haqida ilgari xavotirlar bildirilgan.

AQSh sodir etilgan hodisani qoralab, Keniya hukumatiga har tomonlama yordamni taklif qilgan.

Ash-Shabab guruhi hukumatga hech bir shart ilgari surmagan, lekin muzokaralar olib borishni ham xohlamagan.

Ma‘lumotlarga ko‘ra, hujumchilar orasida ayol kishi ham bor. Besh jangari ushlangani, ulardan biri jarohati tufayli vafot etgani aytilgan.

Prezident Uxuru Keniata yakshanba kuni xalqqa qilgan telemurojaatida "qora niyatli kishilar qayerga qochishga urinishmasin, albatta ushlanishi"ga va‘da bergan.

Halok bo‘lganlar orasida prezidentning jiyani va kelini, shuningdek 9 nafar xorijlik fuqarolar borligi ma‘lum bo‘lgan.